Avvalroq hukumat qarori bilan ijtimoiy karta orqali xarid qilingan tovarlar bo‘yicha QQSni qaytarish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 1-oktabrdan Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) avtomatik ravishda qaytarish tizimi sinov tariqasida ishga tushirilishi belgilangan.

Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan fuqarolar oyiga BHMning 10 baravarigacha — 4,12 mln so‘m miqdorda qaytim olishi mumkin. Har bir xarid uchun eng ko‘p qaytariladigan summa 494,4 ming so‘mni tashkil etadi.

QQS go‘sht (qo‘y, mol, parranda), tuxum, o‘simlik moyi, un, shakar, dori-darmonlar va tibbiy xizmatlar uchun qaytariladi. Keshbek Iqtisodiyot va moliya vazirligi orqali respublika byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

Mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijtimoiy kartalarga o‘tkaziladi, QR-kod skanerlash talab etilmaydi. Ilgari faqat xarid summasining 1% i qaytarilgan bo‘lsa, endilikda to‘langan soliqning to‘liq miqdori qaytariladi.

Soliq qo‘mitasi quyidagi hollarda soliq summasini to‘liq yoki qisman qaytarishni rad etadi:

  • keshbek qaytarishga qaratilgan huquqbuzarlik aniqlansa;
  • soliq summasi qaytariladigan tovarlar ro‘yxatiga kirmasa yoki tovar soni belgilangan chegaradan oshsa;
  • xarid haqiqatan ham mazkur shaxs tomonidan amalga oshirilgani shubha ostida bo‘lsa;
  • chekdagi identifikatsiya kodi yoki shtrix-kodi noto‘g‘ri bo‘lsa yoki ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lmasa.

Agar xarid bo‘yicha QQS avval qaytarilgan bo‘lsa, tadbirkor chekni o‘zgartirishi mumkin emas. Faqat soliq organining roziligi bilan qayta hisoblashga ruxsat beriladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonga kartoshka importi hajmi 9% ga oshgani haqida yozgandi.