Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston institutsional choralarini qo‘llab-quvvatlash uchun $500 mlnlik kreditni maʼqulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Mablag‘lar Iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish dasturining ikkinchi bosqichi doirasida ajratilmoqda. Ular hukumatning davlat sektori samaradorligini oshirish, iqtisodiy boshqaruvni takomillashtirish va mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini jadallashtirish yo‘lidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Dastur O‘zbekistonning institutsional asoslarini mustahkamlash va global integratsiyaga qaratilgan keng qamrovli islohotlar majmuini o‘z ichiga oladi. Bularga:
- DXSHdagi davlat investitsiyalarini tartibga soluvchi yagona qoidalarni joriy etish;
- raqobat va investitsiyalarni boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha qonunchilikni qabul qilish;
- kengash tuzilmalarini takomillashtirish;
- gender vakilligini oshirish va moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini majburiy tatbiq etish orqali davlat korxonalarini boshqarishni zamonaviylashtirish kiradi.
Dastur O‘zbekistonning soliq bazasini kengaytirib, xalqaro soliq hamkorligini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish va audit tizimlarini modernizatsiya qilish orqali korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytiradi.
Shuningdek, u mamlakatning JSTga aʼzo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash uchun milliy qonunchilikni jahon savdo va investitsiya meʼyorlariga moslashtiradi. Dastur aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlash va iqtisodiy qayta qurishning aholining zaif qatlamlariga taʼsirini yumshatish choralarini ham o‘z ichiga oladi.
“OTB strategik hamkor sifatida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish yo‘lida hukumat bilan yelkama-yelka turadi. Bank O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi va global miqyosda chuqurroq ishtirok etishi yo‘lida mamlakatning to‘liq salohiyatini ochib beradigan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi”, — deydi bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.
Spot, avvalroq, OTB joriy va kelasi yil uchun O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish prognozini o‘zgarishsiz qoldirgani haqida yozgandi.