15-oktabr kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
1 gramm oltin 1 mln 683 ming 380 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik o‘lchovli quyma 8 mln 417 ming so‘mdan sotilmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 8 mln 417 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 16 mln 834 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 33 mln 668 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 84 mln 169 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 168 mln 338 ming so‘mni tashkil qiladi.
15-oktabr kuni oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun $4200 dan oshdi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $4196,40ni tashkil qildi.
Goldman Sachs Group Federal zaxira tizimining mustaqilligiga putur yetgan taqdirda, oltin narxi bir unsiya uchun qariyb $5 minggacha ko‘tarilishi mumkinligini bashorat qilmoqda.
Bank tahlilchilari, hatto g‘aznachilik obligatsiyalaridan oltinga o‘tkaziladigan aktivlarning oz miqdori ham qimmatbaho metall narxining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblashmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari tarixda ilk bor $50 mlrddan oshgani haqida yozgandi. Oltin zaxiralari ham bir oyda $40,06 mlrdga yetib, qiymat jihatidan rekordni yangiladi.