Instagram voyaga yetmaganlar uchun yangi cheklovlar joriy qilmoqda. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, endilikda 18 yoshdan kichik foydalanuvchilar PG-13 reytingiga mos kontentni ko‘radi.
Bunda ular haddan tashqari zo‘ravonlik, jinsiy yalang‘ochlik va giyohvandlik sahnalari kabi mavzulardan qochib, faqat PG-13 reytingiga mos keladigan kontentni ko‘radi.
18 yoshdan kichik foydalanuvchilar ota-onasi yoki vasiylarining aniq ruxsatisiz bu sozlamani o‘zgartira olmaydi.
Instagram, shuningdek, “Cheklangan kontent” nomli yanada qat’iyroq kontent filtrini joriy etmoqda. Bu filtr o‘smirlarga mazkur sozlama yoqilgan postlarni ko‘rish va ularga izoh qoldirishga yo‘l qo‘ymaydi.
PG-13 — Amerika kino assotsiatsiyasi tomonidan filmlarni baholash uchun qo‘llaniladi. Bu reyting 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun nomunosib deb topilishi mumkin bo‘lgan mazmunli filmlar uchun beriladi. Bunday filmlarda yalang‘ochlik va zo‘ravonlik ko‘rsatilmaydi, ammo “jinsiy aloqaga oid so‘zlar” va “giyohvand moddalar bilan bog‘liq aniq bo‘lmagan epizodlar” mavjud bo‘lishi mumkin.
Aprel oyida Instagram o‘smirlar akkauntlarini aniqlovchi sun’iy intellektni qo‘shgandi. Agar tizim akkaunt voyaga yetmagan shaxsga tegishli deb gumon qilsa, uning maxfiylik sozlamalari avtomatik tarzda o‘smirlar rejimiga o‘tkaziladi.
2024-yil sentbar oyida Instagram 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun “o‘smirlar” akkauntlarini qo‘shdi.
17-sentabrdan boshlab esa 18 yoshgacha bo‘lgan barcha yangi foydalanuvchilar akkauntning yangi turi — “o‘smirlik” akkauntiga ega bo‘ladilar.
Noyabr oyida Instagram o‘smirlarning yoshini aniqlashda sun’iy intellektdan foydalanishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, Meta 18 yoshdan kichik foydalanuvchilarni aniqlay oladigan kattalar klassifikatori vositasidan foydalanadi.