Amerikalik milliarder Ilon Mask bitkoinni qo‘llab-quvvatladi. U X (Twitter)da ushbu kriptovalyuta energiyaga asoslanganligini ta’kidladi.
Maskning fikricha, bu bitkoinnning dollar kabi fiat pullardan asosiy farqi hisoblanadi. Chunki hukumatlar fiat pullarni soxtalashtirishlari va cheksiz miqdorda chiqarishlari mumkin.
Maskning bayonoti hukumatlar pul chop etish orqali “sun'iy intellekt sohasidagi qurollanish poygasi"ni moliyalashtirayotgani, bu esa o‘z navbatida oltin, kumush va bitkoin narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘layotgani haqidagi maqolaga javob sifatida berildi.
Zerohedge taxallusi ostidagi foydalanuvchi: “Ammo energiyani chop etib bo‘lmaydi,” deb ta’kidladi. Tesla va SpaceX rahbari bu dalilga to‘liq qo‘shildi.
“To‘g‘ri. Aynan shu sababli bitkoin energiyaga asoslangan: siz qalbaki fiat pullarni chiqarishingiz mumkin, tarixdagi har bir hukumat shunday qilgan, ammo energiyani soxtalashtirib bo‘lmaydi”, — deya javob berdi Mask.
Bitkoin qazib olish jarayoni energiya talab qiluvchi jarayon bo‘lib, murakkab matematik muammolarni hal qiluvchi hisoblash quvvatlarini ta’minlash uchun katta miqdordagi elektr energiyasini talab qiladi. Aynan mayning orqali tarmoq xavfsizligi va tizimda yangi bitkoinlarning paydo bo‘lishi ta’minlanadi.
Avvalroq Spot Ilon Mask Twitter’ning to‘rt nafar sobiq rahbariga $128 mln to‘lashi haqida yozgandi.
Ular Mask 2022-yilda kompaniya boshqaruvini o‘z qo‘liga olganidan so‘ng ishdan bo‘shatilgan va hech qachon kompensatsiya olishmagan