Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 2025−2026-yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish va inflyatsiya tezlashishini kutmoqda. Bu haqda “Jahon iqtisodiyoti rivojlanish istiqbollari” hisobotida maʼlum qilingan.

XVJ 2025-yilda mamlakat iqtisodiyoti o‘tgan yilgi 6,5% dan 6,8% gacha o‘sishini prognoz qilmoqda. Bu aprel oyidagi tahlilga nisbatan 0,9 foiz punktga yuqori. 2026-yil uchun kutilmalar ham yaxshilandi: o‘sish ilgari taxmin qilingan 5,8% o‘rniga 6% darajasida bo‘lishi mumkin.

Biroq tahlilchilar inflyatsiya bo‘yicha kutilmalarni pasaytirdi. Aprel oyida XVJ inflyatsiyaning o‘sish surʼati 8,4% gacha sekinlashishini kutgan bo‘lsa (2024-yilda — 9,6%), hozirda uning 9,1% gacha tezlashishini taxmin qilmoqda. Bu ko‘rsatkich Markaziy bankning sentabr oyida eʼlon qilingan prognozidan (8,7%) yuqoridir.

XVJ kelgusi yil uchun inflyatsiya prognozini ham yomonlashtirdi — 7,1% gacha. Shu bilan birga, aprel oyida 6,5% gacha sekinlashish kutilgan edi, bu Markaziy bankning 5% lik targetiga yaqin.

Bundan tashqari, joriy operatsiyalar hisobi saldosining sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda: 2025-yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YIMga nisbatan 2,4% ni (aprel oyidagi prognoz — 5%), 2026-yilda esa YIMga nisbatan 4,6% ni (4,8%) tashkil etishi mumkin. Bu jahon bozorida oltinning qimmatlashishi bilan bog‘liqligi ehtimoli bor, boisi oltin narxi bir troya unsiyasi uchun $4000 dan oshib ketdi.

Spot, avvalroq, OTB O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun $500 mln ajratishi haqida yozgandi.