Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ro‘yxatni tuzish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, zararli yoki xavfli ish sharoiti mavjud bo‘lgan ishlar va kasblar bo‘yicha takliflar ikki nusxada tayyorlanib, ish beruvchi hamda korxona kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organiga yuboriladi.
Ish beruvchi mehnat sharoitlarini o‘rganish komissiyasini tashkil etadi. Komissiya tarkibiga ishlab chiqarish bo‘yicha rahbar, kadrlar bo‘limi va mehnatni muhofaza qilish xizmati xodimlari, bosh muhandis hamda kasaba uyushmasi vakillari kiradi.
Komissiya takliflarni ish beruvchiga taqdim qilish uchun quyidagilarni tekshiradi:
- ish joyi rejasining ishlab chiqarishlar, ishlar va uskunalar joylashgan korxonaning bosh loyihasiga mosligini;
- texnologik jarayon va uskunalarni ishlatish qoidalariga rioya etilishini, jihozlar va asboblarning sozligini;
- jamoa va shaxsiy himoya vositalari hamda himoya kiyimining mavjudligi va yaroqliligini;
- mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha tashkilliy-texnik tadbirlar rejasi bajarilganini, ish o‘rinlari avtomatlashtirilganini, jihozlanganlik darajasi va xavfsizlik texnikasi hamda mehnat gigiyenasi talablariga rioya etilishini.
Tekshirish davomida aniqlangan kamchiliklar attestatsiyaga qadar bartaraf etiladi. Attestatsiya hukumatning 2014-yildagi qaroriga (263-sonli) muvofiq o‘tkaziladi va ish joylaridagi zararli hamda xavfli omillar darajasi aniqlanadi. Natijalar asosida tegishli ishlar va lavozimlar ro‘yxatga kiritish uchun taklif etiladi.
Attestatsiya yakunlari korxona kasaba uyushmasi yoki xodimlar vakillari ishtirokida muhokama qilinib, bayonnoma tuziladi hamda ro‘yxatga kiritilishi taklif etilgan ishlar ro‘yxati shakllantiriladi.
Tashkilot tegishli kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan birgalikda taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va o‘z korxonalarining kamida 30% ida o‘xshash ish o‘rinlarida attestatsiya o‘tkazilganligini taʼminlaydi. Zarurat bo‘lganda, hujjatlarni taqdim etgan korxonalarda nazorat o‘rganuvlari o‘tkaziladi.
Agar murojaat qiluvchi korxonaning taklifi ijobiy baholansa, kamida 30% ish o‘rinlarida attestatsiya o‘tganligi inobatga olingan holda, kasaba uyushmalari va vazirliklar bilan hamkorlikda tegishli qismga kiritish uchun takliflar tayyorlanadi. Ular Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqarishlarni ro‘yxatga kiritish yoki undan chiqarish bo‘yicha 15 kun ichida qaror qabul qiladi.
Shuningdek, vazirliklar taqdim etilgan takliflarni attestatsiya natijalari va ishlab chiqarish sharoitlaridagi o‘zgarishlar asosida tahlil qiladi, tegishli xulosa tayyorlaydi va Komissiyaga ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi.
Ro‘yxat har yili qayta ko‘rib chiqilib, ish sharoitidagi o‘zgarishlar va attestatsiya natijalari asosida yangilanib boradi.
Spot, avvalroq, pensiyalarni Face-ID orqali naqd shaklda to‘lash boshlangani haqida yozgandi.