Rossiyada ishsiz yoki ta’lim olmaydigan chet elliklar, shuningdek, ularning oila a’zolarining mamlakatda bo‘lish muddatini cheklash rejalashtirilmoqda.
Bu o‘zgarishlar Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan tasdiqlangan 2030-yilgacha bo‘lgan davlat migratsiya siyosati konsepsiyasida nazarda tutilgan. Farmon Kreml rasmiy saytida e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, cheklovlar chet el fuqarolarining ishlamaydigan va ta’lim olmaydigan qarindoshlariga taalluqli bo‘ladi.
Ushbu chora migratsiya jarayonlarini tartibga solish va chet elliklarning mamlakatda bo‘lishini nazorat qilish samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, konsepsiyada mehnat migratsiyasi hajmi hozirgi darajada saqlanib qolishi qayd etilgan. Bu Rossiya iqtisodiyotining malakali xorijiy mutaxassislar va ishchi kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji bilan bog‘liq.
Rossiyada yashovchi va ta’lim muassasalariga bormaydigan chet el fuqarolarining farzandlari sonini kamaytirish vazifasi qo‘yilmoqda.
Migratsiya jarayonlarini davlat tomonidan nazorat qilish sohasida axborot texnologiyalari va biometrik tizimlarni keng joriy etish nazarda tutilmoqda.
Avvalroq Spot Rossiyada migrantlarning pul o‘tkazmalari miqdorini cheklash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, ularga o‘z mamlakatlariga oylik maoshidan ko‘p miqdorda pul o‘tkazishni taqiqlash taklif etilmoqda.