Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan sentabr oyidagi yig‘ilishlarda 43 ta masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 28 ta masala muhokama qilinib, shundan 5 tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga oid bo‘ldi. Yana yangi mikromoliya tashkilotini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (2 ta) va kredit tashkilotining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta) masalalari muhokama qilindi.

3 ta masala banklarda audit o‘tkazish huquqini beruvchi auditorlik sertifikatini taqdim etish, 1 tasi mikromoliya bankiga litsenziya berish va 14 tasi bank rahbariyati hamda muhim xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq bo‘ldi.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 15 ta masala ko‘rib chiqildi. Muhokamada Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me‘yorlariga rioya etilishi, shuningdek, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari tahlil qilindi.

Bundan tashqari, bank mijozlari huquqlarini himoya qilish va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash masalalariga ham e‘tibor qaratildi. Natijada 7 ta bank va 13 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Ular prudensial normativ talablariga rioya etilmaganligi, o‘z faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirmaganligi hamda inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar uchun ogohlantirish olgan.

Yana 8 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Ularda o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari davomida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirish hamda ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya qilinishida qoidabuzarliklar aniqlangan.

Shu bilan birga, mazkur banklar iste‘molchilar bilan ishlashda qonunchilik talablariga to‘liq rioya qilinmagani qayd etilgan.

Spot, avvalroq, Markaziy bank Hamkorbank, Davr bank va TBC bankka isteʼmolchilar bilan o‘zaro munosabatlarda qonunchilik talablariga rioya etmagani uchun jami 2,5 mlrd so‘m jarima solgani haqida yozgandi.