Avvalroq prezident kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda hozirda Federatsiya tarkibida 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi faoliyat yuritayotgani qayd etildi. biroq davlat rahbari tegishli tarmoqlarda mehnat qilayotgan xodimlar huquqlarini ishonchli ta’minlaydigan tashabbuslarni ilgari surishda ularning ovozi eshitilmayotganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qo‘shma yig‘ilishini doimiy ravishda o‘tkazib boradigan tizimni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Bunday muloqot shakli “davlat — ish beruvchilar — mehnat jamoalari” o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlab, samarali mexanizmga aylanishiga ishonch bildirildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilmoqda. Bu mehnat sohasida inson qadrini oshirish, barcha fuqarolar uchun adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgan.

Kasaba uyushmalari, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi dasturda munosib bandlik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy sug‘urta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik masalalariga alohida e’tibor qaratishi zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan sharoitda mehnat munosabatlari ham shunga mos ravishda yo‘lga qo‘yilishi kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, “Munosib mehnat” dasturi jadal o‘sib borayotgan iqtisodiyotni ijtimoiy adolat bilan uyg‘unlashtiradigan strategik “yo‘l xaritasi” bo‘lishi aytildi.

Avvalroq ishga oid baxtsiz hodisa va kasb kasalliklari haqida maʼlumot beruvchi yagona tizim yaratilishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarni Ayollar daftari orqali qo‘llab-quvvatlash taklif qilindi.