O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana pasaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 108,24 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 52 so‘m 75 tiyinga pasaydi.

Markaziy bank almashuv kursini shakllantirish siyosatini biroz o‘zgartirib, uning moslashuvchanligini oshirdi. Regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov bu bozor ishtirokchilarida kutilmalarning to‘g‘ri shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

O‘zbek so‘mi ketma-ket beshinchi oy dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Sentabrda milliy valyuta 414 so‘mga, yil boshidan buyon esa 852 so‘mga qimmatlashgan. Dollar kursi 2023-yil avgustidan beri eng past darajaga tushdi.

Kap Depo investitsiya kompaniyasi so‘mning mustahkamlanishini uchta sabab bilan izohlaydi: jahon bozorida dollarning zaiflashishi, shuningdek, transchegaraviy tushumlarning o‘sishi va oltin eksporti hajmining ko‘payishi.

Tahlilchilarning fikricha, valyuta kursining 12 ming so‘mdan pastga tushishi dargumon. Oktabr oyi oxiriga kelib dollar 12 400 so‘m atrofida, yil oxiriga kelib esa 12 510−12 620 so‘m atrofida bo‘lishi mumkin.

Investitsiya kompaniyasi tomonidan qayd etilishicha, milliy valyutaning barqarorligi ko‘p jihatdan global valyuta bozori konyunkturasi bilan emas, balki ichki kapital oqimlari va eksport tushumlari bilan ta’minlanadi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev o‘zining Telegram-kanalida xabar berishicha, sentabr oyida tanlab olingan bir qator valyutalar orasida so‘m dollarga nisbatan eng ko‘p mustahkamlangan. Undan keyingi o‘rinlarda Chexiya kronasi va Braziliya reali turibdi, ular AQSh valyutasiga 2%dan kamroq ko‘tarilgan.

Avvalroq Spot regulyator raisi Timur Ishmetov nominal almashuv kursi mustahkamlanganiga qaramay, real samarali kurs yil boshidan qariyb 4% ga qadrsizlanganini ma’lum qilgani haqida yozgandi.