Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi Haj-2026 mavsumida o‘zgarish joriy qildi, deya xabar berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va Umra markazi.
Unga ko‘ra, endi ziyoratchida Nusuk platformasidan olingan sog‘lomlik to‘g‘risida tibbiy guvohnoma bo‘lgan taqdirda unga Haj vizasi beriladi.
Ta’kidlanishicha, Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi haj safari bilan shug‘ullanuvchi vazirlik va idoralarga har bir ziyoratchini sinchkovlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va haj safariga borish layoqatiga mos kelmaydigan kasallik bor-yo‘qligini aniqlash majburiyatini yuklagan. Bu talab ziyoratchilar xavfsizligi va salomatligini ta’minlashga qaratilgan.
Qayd etilishicha, tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan va tegishli guvohnoma olmasdan haj vizasini rasmiylashtirish imkoni yo‘q.
Bayonotda, quyidagi kasalliklarga chalingan ziyoratchilar haj safariga yuborilmasligi ma’lum qilindi:
- dializ talab qiladigan buyrak yetishmovchiligi;
- minimal jismoniy yuklamada ham namoyon bo‘luvchi yurak yetishmovchiligi;
- davriy yoki doimiy ravishda kisloroddan foydalanishni talab qiluvchi o‘pkaning surunkali kasalliklari;
- jigar yetishmovchiligi belgilari bilan kechuvchi jigar sirrozining og‘ir bosqichi;
- og‘ir ruhiy va nevrologik buzilishlar;
- qarilik demensiyasi kasalliklari;
- homiladorlikning oxirgi uch oyi, shuningdek, yuqori xavfga ega bo‘lgan har qanday homiladorlik;
- faol yuqumli kasalliklar (shu jumladan, silning ochiq shakli, gemorragik isitmalar va hokazo);
- kimyoterapiya yoki boshqa immunitetni susaytiruvchi muolajalardan o‘tayotgan faol onkologik kasalliklar.
Saudiya Haj va Umra vazirligi mazkur talablar buzilgan yoki yolg‘on ma’lumot berilgan taqdirda chora ko‘rilishini bildirgan.
Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika jamoatchilik kengashi ziyoratchilarni ushbu talablarga to‘liq amal qilishga chaqiradi, hamda ushbu talablar haj ishtirokchilarining hayotini va salomatligini saqlashga qaratilganini ma’lum qiladi.
Avvalroq Spot Saudiya Arabistoni barcha viza egalari uchun umra ziyoratiga ruxsat bergani haqida yozgandi.
Ruxsat berilgan vizalar ro‘yxatiga shaxsiy va oilaviy, elektron turistik, tranzit va ishchi vizalar hamda boshqalar kiradi.