Raqobat qo‘mitasi kredit reklamalarida uning oqibatlari haqida ogohlantirishlar berish majburiyatini joriy etishni taklif qilmoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mikroqarz va iste’mol kreditlari bozorida faollik ortib bormoqda. Ayrim kredit tashkilotlari tomonidan agressiv marketing va reklama orqali aholi o‘rtasida bunday moliyaviy xizmatlarning ommalashuvi, natijada esa qarz yukining keskin o‘sishi kuzatilmoqda.

Aksar hollarda bunday qarz mahsulotlarining reklama va targ‘ibot materiallarida aholining e’tibori ularni tez va oson tarzda olish imkoniyatiga qaratiladi. Biroq, bunday yondashuvlar qarz majburiyatlarining kelgusida keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlari to‘g‘risida yetarlicha ma’lumot bermasligi oqibatida fuqarolar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi Markaziy banki bilan hamkorlikda xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 43-moddasiga tegishli qo‘shimchalar kiritishni taklif qilmoqda.

43-moddada moliyaviy xizmatlar reklamasi yoki ular haqidagi reklama tarzidagi axborot quyidagicha bo‘lishi kerakligi belgilangan:

  • reklamadan foydalanuvchining ishonchini suiiste’mol qilmaydigan yoki tajribasi va bilimi yetishmasligidan foydalanish niyatini ko‘zlamaydigan usulda taqdim etilishi;
  • reklama qilinayotgan xizmatlarga bevosita aloqador bo‘lmagan axborotga ega bo‘lmasligi;
  • moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish uchun shartnomalarning muhim shartlarini ochib berishi.

Loyiha bilan aholiga taklif etilayotgan kredit, jumladan mikroqarzlar reklamasida, reklama maydoni va vaqtining kamida 10%i bunday moliyaviy xizmatlardan foydalanish oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlar to‘g‘risidagi ogohlantirishga ajratilishi belgilanmoqda.

Bu aholining moliyaviy xabardorligini oshirish, ongli qarz olish madaniyatini shakllantirish hamda ortiqcha qarz yukining oldini olishga qaratilganini qayd etdi.

Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni har qanday qarz majburiyatini olgan holda o‘z moliyaviy imkoniyatlarini aniq va mas’uliyatli baholashga, bunday xizmatlarning shartlari, foiz stavkalari va to‘lov majburiyatlarini diqqat bilan o‘rganishga chaqirdi.

Sentabr oyida Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati boshlig‘i Bahodir Mirzayev kreditlarni reklama qilishda xatarlar haqida ogohlantirish berish taklif etilayotganini Spot’ga ma’lum qilgandi.

Regulyator “Reklama to‘g‘risida"gi qonunga iste’molchilarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xizmatlar bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritishni taklif etdi. Reklamada kelajakdagi xarajatlar va moliyaviy qiyinchiliklar bilan bog‘liq xavf-xatarlarni ko‘rsatish ko‘zda tutilmoqda. Masalan, kreditlar bo‘yicha to‘lovlarning kechiktirilishi kredit tarixini buzib, yangi kreditlar olishni qiyinlashtirishi yoki ularning shartlarini yomonlashtirishi mumkin. Bu o‘z navbatida foiz stavkasining oshishiga ham olib keladi.

Avvalroq Spot Markaziy bank O‘zbekistonda kreditlar qimmatligining asosiy sabablarini tushuntirgani haqida yozgandi.