Avvalroq prezident kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari uyushmalar faoliyatini yana-da rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha kelgusi vazifalarni muhokama qildi.
Iqtisodiyot barqaror o‘sib, aholi turmush farovonligini shunga mos ravishda oshirish uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ham har yili ko‘paytirib borilmoqda. Ammo bu masalalar ko‘pincha davlat idoralarining hisob-kitobi va taklifi bilan hal qilinmoqda.
Shu bois, kelgusi yildan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasidan iborat uch tomonlama respublika komissiyasini ham jalb qilish taklif qilindi.
Bu mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish bo‘yicha yangicha yondashuv bo‘lishi qayd etildi.
“Inson qadri, uning hayot sifati faqat ish haqi bilan emas, balki ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi. Buning uchun xodimlarni uy-joy, sifatli taʼlim, tibbiyot va transport xizmatlari bilan kafolatli taʼminlab, eng muhim hayotiy ehtiyojlariga yetadigan daromad topishiga sharoit yaratib berishimiz zarur”, — dedi prezident.
Bugungi kunda 6 mlnga yaqin aholi o‘zini o‘zi band qilib, dasturchi, veb-dizayner, hunarmand, taksi haydovchisi, kuryer kabi o‘nlab kasblarda platformali bandlik asosida ishlamoqda.
Ko‘plab fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar masofadan turib mehnat qilishni o‘rgangani, mahallalarni “drayver” sohalarga ixtisoslashtirish hisobidan 1,5 mln oila o‘z xonadonida ishlab, daromad olayotgani ta’kidlandi.
Bu yo‘nalishlar iqtisodiy taraqqiyotning bir qismiga, ularda faoliyat yuritayotgan odamlar esa mehnat munosabatlarining teng huquqli subyektiga aylanayotgani aytildi.
Kasaba uyushmalari ham mahallalar bilan yaqindan ishlaydigan samarali tizimni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Bandlik vazirligiga kasaba uyushmalari bilan birgalikda takliflarni hukumatga kiritish topshirildi.
Bunda platformalarda faoliyat yuritayotgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini taʼminlash, ularning hayoti, xavfsizligini sug‘urtalash takliflar kiritiladi.
O‘zbekistonda 1-avgustdan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 271 ming so‘m etib belgilangan. Shuningdek, shu sanadan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori ham 10% ga oshirildi.
Spot, avvalroq, mamlakatda 500 mingga yaqin xodim foydasiga 267 mlrd so‘m undirib berilgani haqida yozgandi.