SpaceX rahbari Ilon Mask Marsni muvaffaqiyatli o‘zlashtirish uchun Yerdan kamida 100 ming ko‘ngilli kerakligini aytdi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

“Starship insonlarni Marsga qo‘ndira olishiga ishonchim komil”, — deya yozdi Mask.

Mask ArsTechnica nashri muharriri Erik Bergerning Starship kemasining muvaffaqiyatiga shubha bildirgan fikriga javob qaytardi.

Berger, shu bilan birga, Starship insonlarni sayyoramizdan uzoqqa olib ketishga qodir yagona kema ekanligini ta’kidladi.

Bunga javoban Mask boshqa sayyoralarni o‘zlashtirish haqida “umumiy tasavvur"ga ega ekanligini va Starshipning muvaffaqiyatiga shubha qilmasligini ma’lum qildi.

Maskning aytishicha, natijaga erishish uchun odamlarni Marsga bir marta yuborish emas, balki Marsda yashash uchun sharoit yaratish kerak.

U buning uchun Marsga mustamlakaga asos solishi mumkin bo‘lgan kamida yuz ming ko‘ngillini yuborish kerakligiga ishonchi komil. Bundan tashqari, koloniyani qurish uchun zarur bo‘lgan kamida 1 mln tonna yukni Yerdan jo‘natishga to‘g‘ri keladi.

Avvalroq Mask Marsda yashash va o‘lish imkoniyatini tan olgandi.

“Menda hozir va har doim faqat bitta pasport bor: AQShniki. Men shu yerda yashab, shu yerda vafot etaman. Yoki Marsda (u ham Amerikaning bir qismi)”, deya ta’kidladi tadbirkor.

2020-yil yanvarida Ilon Mask Marsda shahar barpo etish rejalarini ma’lum qildi. Tadbirkor 2050-yilgacha Marsga bir million kishini jo‘natishni va u yerda “ko‘plab ish o‘rinlari” yaratishni mo‘ljallamoqda.

Mart oyida milliarder Starship kosmik kemasining Marsga ilk parvozi 2026-yil oxirida amalga oshirilishini e’lon qildi. Agar Optimus odamsimon robotlarining vazifasi muvaffaqiyatli bajarilsa, 2029-yilda birinchi insonlar Marsga qo‘nishi mumkin.

Biroq u 2031-yilni ehtimoli ko‘proq sana deb bilishiga aniqlik kiritdi.

Joriy yilning fevralida Ilon Mask Marsga sun’iy intellektga ega robotlarni yubormoqchi ekanligi haqida aytgandi.

Maskning ta’kidlashicha, Marsga sayohat 26 oyda bir marta amalga oshirilishi mumkin va keyingi parvoz 2026-yil noyabr oyida rejalashtirilgan.