Avvalroq prezident kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari kasaba uyushmalari “Ayollar daftari” orqali 4,5 mln ehtiyojmand, kam taʼminlangan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatayotganini taʼkidladi. Bu borada “Kasaba uyushmalari — ayollar manfaati yo‘lida” degan shior asosida yangi tizimni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Prezident Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya va Federatsiyani mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga chaqirdi. Ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan yangi yondashuvlarni joriy etish zarurligini taʼkidladi.

“Ayollar daftari” orqali uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga, tibbiy, psixologik va huquqiy yordamga muhtoj, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni qo‘llab-quvvatlash taklif qilindi. Qishloq joylarida ayollar bandligi va tadbirkorligini rivojlantirish dasturlarini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Har yili mehnat jamoalaridagi gender audit natijalarini muhokama qilish orqali ish beruvchilar bilan birgalikda xotin-qizlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish zarurligi aytib o‘tildi. 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari bo‘yicha gender tenglikni taʼminlash uchun manzilli strategiyalar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.

So‘nggi besh yilda kasaba uyushmalari tomonidan korxona va tashkilotlarda 152 mingta qonun buzilishi aniqlangan. Aslida, bunday holatlar ancha ko‘pligi, sudlar tomonidan uch yilda 48 mingdan ziyod mehnat nizolari ko‘rib chiqilgani qayd etildi.

Kasaba uyushmalari yarashtiruvchi, murosaga keltiruvchi bo‘g‘in sifatida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilishda faollik ko‘rsatishi maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, ish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, baxtsiz hodisalar hisobi va ularning sababini o‘rganish o‘ttiz yil oldin qabul qilingan hukumat qaroridagi eskirgan normalar asosida qog‘ozda yuritilmoqda.

Masʼul vazirlarga kasaba uyushmalari bilan hamkorlikda baxtsiz hodisa va kasbga oid kasalliklar bo‘yicha maʼlumotlarni olishning yagona tizimini ishga tushirish topshirildi.

Bunday hodisalar hisobotini yuritish, sabablarini tahlil qilish va ularga yechim topish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 500 mingga yaqin xodim foydasiga 267 mlrd so‘m undirib berilgani, baxtsiz hodisalarda jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 mlrd so‘m tovon puli to‘lab berilgani haqida yozgandi.