Avvalroq prezident kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari turli sabablar bilan ishsiz qolgan, mehnat jarayonida kasallik yoki nogironlikka chalingan odamlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kafolatlarini kuchaytirish lozimligini aytdi.
Shu bois, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinishini tezlashtirib, unda ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini shakllantirishda ish beruvchi va xodimlar ishtiroki aniq belgilab berilsa, adolatdan bo‘lishi taʼkidlandi.
Kasaba uyushmalarida odamlarga ishonchli maʼlumotlarni o‘z vaqtida yetkazish uchun imkoniyat, sharoit va salohiyat yetarli ekani taʼkidlandi.
Eng katta auditoriyaga ega bo‘lgan kasaba uyushmalari halol va fidoyi mehnatni targ‘ib qilish hamda mehnat munosabatlarida qonuniylikni taʼminlashga oid axborotlarni jamoatchilikka birinchilardan bo‘lib yetkazib borishi kerakligi qayd etildi.
Tizimdagi 30 dan ortiq sanatoriy va 100 dan ziyod bolalar oromgohlari xodimlar va ularning farzandlari salomatligini tiklab, hordiq chiqarishlari uchun xizmat qilmoqda. Oxirgi besh yilda sanatoriylarda 900 mingga yaqin aholi o‘z salomatligini tikladi, oromgohlarda esa 800 ming bola dam oldi.
Yaqinda Issiqko‘lda “Bo‘ston-Rezort” pansionati ishga tushirilgani fuqarolar uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Lekin, kasaba uyushmalari infratuzilmasi aholi ehtiyojlarini to‘liq qamrab olmayotgani qayd etildi.
Davlat rahbari hokimlarni har yili kasaba uyushmalari bilan birgalikda yoki DXSh yordamida bittadan sanatoriy va oromgoh qurish bo‘yicha alohida dastur tasdiqlashga chaqirdi.
Joriy yil mamlakat bo‘ylab, kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda. Shundan kelib chiqib, prezident har bir hududda Kasaba uyushmalari bog‘larini tashkil etishni taklif qildi. Viloyat hokimlariga uyushmalar bilan maslahatlashib, bog‘lar uchun joy ajratish topshirildi.
Sentabr oyi avvalida senat davlat ijtimoiy sug‘urtasiga oid qonunni rad etgandi. Qonunda mas’ul organning vakolatlari va vazifalari ochib berilmagani aytilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 2030-yilgacha mo‘ljallangan munosib mehnat dasturi ishlab chiqilishi haqida yozgandi.