Markaziy bank sentabr oyi holatiga inflyatsiya ko‘rsatkichlari infografigini e’lon qildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘tgan oyda O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 8% ni tashkil etdi. Bu 2023−2024- yillardagi ko‘rsatkichlardan (mos ravishda 8,8% va 9,8%) past.

Inflyatsiyasi 10% dan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar soni 2022-yildagi 265 ta (52%) dan sentabr oyida 73 ta — 14% gacha kamaydi.

Iste’mol savatidagi umumiy 170 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 146 tasi yoki 86% ining narxi 10% dan kamroq oshdi. Eng ko‘p sabzi (+57,5%), limon (+52,5%), paxta moyi (+35,9%), sholg‘om (+30,8%), karam (+27,4%) va qo‘y go‘shti (+26,8%) qimmatlashgan.

Shu bilan birga, yillik hisobda narxlarning eng katta pasayishi qovoq (-59,2%), pomidor (-31,5%), bodring (-30,7%), baqlajon (-21%), shaftoli (-20,5%) va anor (-20,4%) da kuzatildi.

Iste’mol savatidagi 250 ta nooziq-ovqat mahsulotlaridan 96% ining (241 tasi) yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi. Ulardan yil davomida 33,4% ga qimmatlashgan nikoh uzuklari yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda metan (+30,6%), gazeta (+15,3%), benzin (+11,8%), dezodorant (+11%) va tabiiy gullar (+10,9%) turibdi.

Narxlarning pasayishi esa propan (-19,7%), A4 qog‘oz (-4,6%), yirik oshxona priborlari (-3,3%), shprislar (-0,4%), maktab daftari (-0,3%) hamda konditsionerlar (-0,2%) da qayd etildi.

Bundan tashqari, 90 turdagi xizmatlardan 50 tasi yoki 56%ida yillik narx o‘sishi 10% dan past ko‘rsatkichni qayd etdi. Eng yuqori narxlar haydovchilik kurslari (+73,3%), ichki yo‘lovchi havo transporti (+57,3%), tarmoq gazi (+39,2%), sovuq suv (+35,1%), muzey (+32,3%) hamda huquqiy tusdagi xizmatlarda (+29,1%) kuzatildi.

Yil davomida faqat pul o‘tkazmalari uchun haq to‘lashda (komissiya) narxlar biroz arzonlashdi — -2,5%. Mobil internet, Davlat OTMlarida o‘qish, sug‘urtalash va mikromoliyaviy xizmatlar narxlari yil davomida o‘zgarishsiz qoldi. Biroq, xususiy OTMlarda o‘qish biroz (+0,2%) qimmatlashdi.

Avvalroq XVJ O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish va inflyatsiya tezlashishini prognoz qilgani haqida xabar berilgandi. 2025-yilda iqtisodiy o‘sish 6,8% darajasida bo‘lishi kutilmoqda, biroq inflyatsiya Markaziy bank prognozidan yuqori bo‘lib, 9,1% ni tashkil etadi.