Avvalroq prezident kosmik monitoring orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Taqdimotda kosmik sohada taʼlim ekotizimini yaratish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish orqali mamlakatning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirish rejalashtirilgan.

Spot Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmatiga sun’iy yo‘ldosh interneti bo‘yicha murojaat qildi. Biroq vazirlikdagilar izoh berishdan bosh tortdi.

O‘tgan hafta O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirish bo‘yicha Amazon kompaniyasi bilan dastlabki kelishuvga erishdi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Amazon Kuiper Commercial Service o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Yaqinda Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari orasida Starlink xizmatidan foydalanish mumkin bo‘lgan birinchi mamlakat bo‘ldi. Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan sun’iy yo‘ldosh aloqasi qo‘shni davlatda joriy yilning 13-avgustidan rasman ishga tushirildi. Eng arzon tarif narxi 23 ming tengeni ($43) tashkil etadi.

Bundan tashqari, Tojikiston hukumati huzuridagi Aloqa xizmati Amerikaning SpaceX sho‘ba korxonasi — Starlink Tajikistan bilan litsenziya shartnomasini imzoladi. U borish qiyin bo‘lgan tog‘li va chegara hududlarida sun’iy yo‘ldoshli internet aloqasini tashkil etish imkonini beradi.

Qirg‘izistonda Starlink 2025-yil oxirigacha, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda esa 2026-yilda ishga tushishi kutilmoqda. Shu bilan birga, dastlab tizimni O‘zbekiston hududida 2023-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan edi.

Mart oyida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan telekommunikatsiya sohasidagi ikkita strategik loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishgandi. Ikkala kelishuv ham Yevropaning Markaziy Osiyo uchun sun’iy yo‘ldosh internet dasturi (TEI Digital Connectivity) ga kiritilgan.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda temir yo‘llarning holati dronlar orqali nazorat qilinishi haqida xabar berilgandi. O‘zbekkosmos direktori Shuhrat Qodirov yo‘l qurilishi jarayonlari hamda yo‘l qoplamalarining nuqsonlari aerokosmik monitoring orqali tahlil qilinishini qayd etdi.