14-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi mahalla tizimini yaxshilash masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilingandi.
Oylik doirasida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarining dastlabki ikki kunida chiqindi tashlash bilan bog‘liq 770 dan ortiq holat aniqlanib, huquqbuzarlarga yarim milliarddan ortiq jarima belgilandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston, viloyatlar, tuman va shaharlar kesimida doimiy nazorat olib borilmoqda. Belgilanmagan joylarga chiqindi tashlaganlarga nisbatan qonunchilik doirasida qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, 15-oktabr kuni mamlakatning barcha hududlarida chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq 328 ta holat aniqlandi. Natijada, huquqbuzarlarga nisbatan jami 224,36 mln so‘m jarima qo‘llanildi.
16-oktabr kuni esa jami 443 holat aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan jami 310,34 mln so‘m jarima belgilandi. Shuningdek, 1095 korxona va fuqarolar bilan atrof-muhitni ifloslantirmaslik borasida profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.
Prezident obodonlashtirishga mas’ul hokim o‘rinbosarlariga 24 soat ishlaydigan brigadalar tashkil qilib, ko‘cha, xonadon, ko‘p qavatli uy, ijtimoiy obyektlar atrofini tozalashni topshirdi. “Toza hudud” korxonalariga qarashli maxsus texnikalar jalb qilinadi.
IIV va Milliy gvardiyaga chiqindi tashlaganlik uchun jarima qo‘llash vakolati berilgani qayd etilib, ularga joylarga chiqib, shahar va tuman markazlarida kunlik nazorat o‘rnatish vazifasi berildi.
Avvalroq Toshkentda chiqindilarni noqonuniy tashlash bo‘yicha 808 ta holat aniqlangani haqida xabar berilgandi. Belgilanmagan joylarga eng ko‘p chiqindi tashlash holatlari Olmazor, Uchtepa va Yunusobod tumanlarida kuzatildi.