15-oktabr kuni Raiffeisen Bank International AG (RBI) kuzatuv kengashi Kamila Mahmudovani bank boshqaruvining moliyaviy direktori (CFO) etib tayinladi. Bu haqda Avstriya banki matbuot xizmati xabar berdi.
Mahmudova 2026-yilning 1-yanvaridan yangi lavozimda faoliyatini davom ettiradi. Uning RBI Boshqaruvi tarkibiga tayinlanishi hali nazorat organlari tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Kamila Mahmudova bank sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. U RBIdagi faoliyatini 2007-yilda M&A bo‘limida boshlagan. 2019-yilda “Korporativ rivojlanish va strategik boshqaruv” bo‘limini boshqarishni boshlashdan oldin sotib olish loyihalarini nazorat qilgan. 2021-yilning dekabrida u Chexiyadagi Raiffeisenbank boshqaruvining moliya direktori etib tayinlandi.
RBI boshqaruvining kelgusi tarkibi quyidagicha bo‘ladi:
- Yoxann Shtrobl — bosh direktor (CEO) va chakana savdo yo‘nalishi rahbari;
- Mari-Valeri Brunner — mijozlarga korporativ-investitsion bank xizmati (CIB Customer Coverage);
- Andreas Gshventer — operatsion direktor / axborot texnologiyalari bo‘yicha direktor (COO/CIO);
- Kamila Mahmudova — moliyaviy direktor (CFO);
- Xannes Mezenbaxer — risklar bo‘yicha direktor (CRO);
- Rayner Shnabl — korporativ investitsiya mahsulotlari va yechimlari (CIB Products & Solutions).
Kamila Mahmudovaning LinkedIn’dagi profiliga ko‘ra, u 1997-yilda Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Illinoys kolleji (AQSh) va Vena iqtisodiyot va biznes universitetida (Avstriya) xalqaro soliq huquqi bo‘yicha tahsil olgan, shuningdek, u yerda 2019-yilda rahbarlar uchun MBA dasturi — Executive MBA darajasini olgan. O‘sha yili Mahmudova Minnesota universiteti qoshidagi Karlson menejment maktabida (AQSh) ushbu dastur bo‘yicha o‘qigan.
U o‘zining professional faoliyatini Davlat mulki qo‘mitasida boshlab, 1999-yildan 2001-yilgacha xususiylashtirish byurosida yuridik bo‘limni boshqargan. Keyin Kamila Mahmudova Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasiga (IFC) maslahatchi lavozimiga o‘tdi va u yerda Raiffeisen Bankga o‘tgunga qadar ishladi.
Bank haqida
Raiffeisen Bank International — Avstriyaning eng yirik bank guruhlaridan biri bo‘lib, Raiffeisenkasse nomi bilan 1886-yilda tashkil etilgian. Bosh qarorgohi Venada joylashgan. U Markaziy va Sharqiy Yevropaning 11 bozorida 18,1 mln mijozga xizmat ko‘rsatadi. 2025 yilning iyun oyi holatiga ko‘ra, bankning jami aktivlari 204 mlrd yevroni tashkil etadi.