Yevropa Ittifoqi elektron chiqindilarni kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish uchun zaryadlash qurilmalari standartlarini kengaytirmoqda.

2028-yil oxiridan boshlab Yevropa Ittifoqida sotiladigan 240 Vt gacha bo‘lgan barcha tashqi quvvat bloklari USB-C porti va olinadigan kabel bilan jihozlanishi kerak.

Bundan tashqari, qurilmalar hatto past yuklamada ham samaradorlik bo‘yicha yangi talablarga javob berishi shart.

Bundan tashqari, adapterlarda EU Common Charger yagona belgisi paydo bo‘ladi. Yangi markirovka quvvat, energiya samaradorligi, chidamlilik va ta’mirlashga yaroqlilik haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi, bu foydalanuvchilar uchun mos ta’minot blokini tanlashni osonlashtirishi kerak.

Yevrokomissiya hisob-kitoblariga ko‘ra, yangilangan standartlar quvvatlash qurilmalarining energiya sarfini taxminan 3% ga kamaytirishi va issiqxona gazlari chiqindilarini 9% ga qisqartirishi mumkin.

Bu xaridorlar uchun moliyaviy foyda ham keltiradi — turli ishlab chiqaruvchilarning adapterlarining o‘zaro mosligi iste’molchilarga yiliga taxminan 100 mln yevro tejash imkonini beradi.

O‘zgarishlar maxsus qurilmalarga, jumladan, alohida xavfsizlik talablariga ega tibbiy texnika va uskunalarga ta’sir qilmaydi.

Ishlab chiqaruvchilarga mahsulotlarni yangi me’yorlarga moslashtirish uchun uch yillik o‘tish davri beriladi.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Apple’ga zaryadlash portiga ega bo‘lmagan iPhone’ni ishlab chiqishni taqiqlamadi.


Avvalroq Spot Yevrokomissiya Gucci va boshqa kompaniyalarga 157 mln yervo jarima solgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Gucci bilan birga Chloé va Loewe kompaniyalari ham chakana sotuvchilarga brend mahsulotlarining narxini mustaqil belgilashni taqiqlagan.