Avvalroq O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasiga ko‘ra, elektrotexnika, shu jumladan, mis xomashyosidan tayyorlanadigan mahsulotlarga nisbatan bojxona bojlarini tahlil qilish va qayta ko‘rib chiqish chora-tadbirlarini amalga oshirish belgilandi.

Xususan, yarim tayyor mis simlar va mis mahsulotlari eksportini hamda TIF TN kodi 8504, 8541 va 8544 bo‘lgan tovar pozitsiyalari bo‘yicha importni chuqur tahlil qilgan holda, zarur hollarda, tegishli bojxona boji stavkalariga vaqtinchalik o‘zgartirish kiritish vazifasi berildi.

Uning ijrosi uchun Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya raisi Jamshid Xo‘jayev mas’ul etib belgilangan. Topshiriqni amalga oshirish muddati — oktabr oyi.

Bunda bojxona hududida qayta ishlash rejimida qayta ishlangan mahsulotlarga nisbatan bojlar tatbiq etilmasligini inobatga olish zarur.

Amalda 8504 kodidagi tovar pozitsiyalariga kiruvchi tovarlar, jumladan, elektr transformatorlari, statik elektr o‘zgartiruvchilari (to‘g‘rilagichlar), induktivlik g‘altagi va drossellar uchun import bojxona boji stavkasi 5% ni tashkil etadi.

Kodi 8541 bo‘lgan yarim o‘tkazgichli asboblar, boshqa yorug‘lik chiqaruvchi diodlar (LED) uchun boj mavjud emas, 8444 kodidagi tovar pozitsiyalariga kiruvchi simlar izolyatsiya qilingan, kabellar va alohida qoplamali tolalardan iborat optik tolali kabellar uchun esa boj 10% etib belgilangan.

Bundan oldin O‘zbekistonda mis sim eksportiga boj joriy etilishi ma’lum bo‘lgandi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning qayd etishicha, prezident bu bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlagan. Bu $11−11,5 minglik tayyor mahsulotlarni eksport qilish hamda Yevropa va AQSh bozorlariga chiqish imkonini beradi.

Biroq, iqtisodchilar mis sim eksportiga davlat boji o‘rnatilishini iqtisodiy jihatdan zararli qaror deb baholab, bu “juda katta xato” bo‘lishini qayd etdi. Ularning fikricha, bu yangi to‘siqlar keltirib chiqaradi hamda raqobatga ta’sir qiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda meva-sabzavotlarga minimal eksport narxlari bekor qilinishi haqida xabar berilgandi. Meva-sabzavot eksportida minimal narx belgilash amaliyoti tugatiladi. Ushbu tartib o‘tgan yilning 1-mayidan joriy etilgandi.