Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr kuni standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasidagi javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat Lex.uz saytida eʼlon qilindi.

Qonun Oliy Majlis Qonunchiliik palatasi tomonidan 10-iyunda qabul qilingan va Senat tomonidan 1-avgustda maʼqullangan. Unda sifatsiz tovarlarni muomaladan ixtiyoriy ravishda chiqarayotgan tadbirkorlarga huquqiy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, agar ishlab chiqaruvchi, uning vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi o‘z tashabbusi bilan standartlarga yoki texnik reglamentlarga mos kelmaydigan mahsulotning kamida 70% ini belgilangan tartibda chaqirib olsa, u moliyaviy sanksiyalardan ozod qilinadi.

“Standartlashtirish to‘g‘risida” va “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida"gi qonun larga muvofiq, standartlarga va texnik reglamentlarga mos kelmaydigan mahsulotlarni sotish uchun jarimalar miqdori quyidagicha belgilangan:

  • birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun — sifatsiz tovar qiymatining 50% igacha;
  • bir yil ichida takroran sodir etilsa — qiymatning 100% igacha.

Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish bilan, muvofiqlikni baholash qoidalarini buzish natijasida fuqaroning hayoti va sog‘ligiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashda muvofiqlikni baholash organi tovarni (ishni, xizmatni) sotuvchi, tayyorlovchi (ijrochi) bilan birga solidar javobgar bo‘ladi.

Qonun qabul qilinganidan uch oy o‘tgach — 2026-yil 19-yanvardan kuchga kiradi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yangi xorijiy avtomobillarni ekologik sertifikatlash bekor qilinishi haqida yozgandi.