Prezident suv sohasini raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish va barqaror rivojlantirish bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy-axborot kanali xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, respublikada foydalanilayotgan suv resurslari hisobining to‘liq yuritilishi yo‘lga qo‘yiladi. 400 dan ortiq maʼlumotlar raqamlashtiriladi.

600 mingdan ortiq suv isteʼmolchilari, 4,3 mln gektar sug‘oriladigan yer maydonlari hamda sug‘orish uchun foydalanilgan suv resurslari to‘g‘risidagi maʼlumotlar elektron tarzda shakllantiriladi.

Suv hisobi yuritilishi jarayonida inson omili kamaytiriladi. Suvdan foydalanuvchilar va iqtisodiyot tarmoqlarida suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha maʼlumotlar bazasi yaratiladi.

Suv xo‘jaligi vazirligining tuzilmasida Markaziy dispetcherlik va suv balansi xizmati negizida DM shaklida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi tashkil etiladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 2026-yilda davlat suv kadastri joriy etilishi haqida yozgandi. Suv hisobi platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblab boriladi va iste’molchilarga elektron tarzda yetkaziladi.