Avvalroq prezident raisligida sun‘iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari sun‘iy intellektni rivojlantirish faqat zamonaviy infratuzilma va algoritmlarga emas, balki malakali kadrlarga ham bog‘liqligini aytdi.

Keyingi o‘quv yilidan Informatika fani o‘quv dasturlariga sun‘iy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab chiqiladi.

“Yangi O‘zbekiston” universitetida sun‘iy intellekt bo‘yicha bu yil 100 nafar, keyingi yil 1 ming 300 nafar trener-o‘qituvchi tayyorlanadi. Ular esa kaskad tartibida maktab va oliygohlardagi informatika o‘qituvchilarini o‘qitadi.

Har yili eng yaxshi 100 nafar informatika o‘qituvchisi xuddi vazirlik va hokimliklarning salohiyatli mutaxassislari kabi sun‘iy intellekt rivojlangan davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.

Bundan tashqari, “Bir million sun‘iy intellekt yetakchisi” loyihasi doirasida bu yil 100 ming, kelasi yil kamida 500 ming yoshlar o‘qitiladi. Loyiha bilan maktab o‘quvchilarini ham qamrab olish muhimligi ta‘kidlandi.

Har yili sun‘iy intellekt bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilib, eng yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar, ularning ustozlari va ta‘lim tashkilotlari rag‘batlantiriladi. Bunda 500 nafar yoshlar — noutbuk, 100 nafar o‘qituvchi — $1 mingdan mukofot, 2 ta ta‘lim tashkiloti — elektromobil bilan taqdirlanadi.

Prezident soha uchun yiliga 2 ming nafar mutaxassis tayyorlayotgan oliygohlarning birortasida sun‘iy intellekt laboratoriyasi yo‘qligiga e‘tibor qaratdi. Keyingi o‘quv yiligacha 10 ta OTMni zamonaviy laboratoriya bilan jihozlash reja qilingan. Shu bilan birga, banklarning bittadan oliygohda, jami 9 ta shunday laboratoriya tashkil qilish tashabbusi ma‘qullandi.

“Yangi O‘zbekiston” universitetida tarmoq — oliygoh — hamkor tamoyilida ishlaydigan sun‘iy intellekt klasteri ishga tushiriladi. Keyingi o‘quv yilidan TOP-300 talikka kirgan universitetlar bilan hamkorlikda sun‘iy intellekt bo‘yicha qo‘shma ta‘lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

Oliygohlarda sun‘iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, IT muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari 35% ga oshiriladi. Talabalarning sun‘iy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida oliygoh jamoalari o‘rtasida sun‘iy intellekt bo‘yicha umummilliy tanlov o‘tkaziladi.

Qulay ekotizim yaratilgani uchun yil boshidan mahalliy startaplarga rekord miqdorda — $264 mln sarmoya kiritildi. Lekin bunda sun‘iy intellekt sohasidagi startaplar ulushi hali kamligi aytildi.

Shu bois, bunday startaplarni ko‘paytirish maqsadida mukofot jamg‘armasi $1 mln bo‘lgan “Sun‘iy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” tanlovini o‘tkazish taklif qilindi.

Iyul oyi avvalida O‘zbekistonda Bir million sun’iy intellekt yetakchilari dasturi ishga tushirilgandi. U orqali sun’iy intellekt sohasidagi beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni bepul o‘zlashtirish mumkin.

Spot, avvalroq, 2026-yildan sun’iy yo‘ldosh interneti ishga tushirilishi haqida yozgandi.