Avvalroq 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda hududlarda ham yaxshi misollar borligi qayd etildi. Masalan, Urganch shahrida sun’iy intellekt asosida “Aqlli shahar tizimi” ishga tushirildi.
Situatsion markaz tashkil qilinib, elektr, gaz, suv, issiqlik ta’minoti, boshqaruv-servis kompaniyalari, transport, yo‘l, obodonlashtirish, chiqindi korxonalari yagona tizimga ulangan.
Har bir yo‘nalishdan kelib tushayotgan murojaatlarni sun’iy intellekt asosida tahlil qilib, tezkor kompleks yechim berish yo‘lga qo‘yilgan. Natijada yiliga 16 mlrd so‘m tejalmoqda.
Viloyat markazlari va poytaxt tumanlarining barcha hokimlariga Urganch tajribasini o‘rganib, yil yakunigacha o‘zida joriy qilish topshirildi. Boshqa vazirlik va idoralar rahbarlariga ham sohaning ichiga kirib, sun’iy intellektni joriy qilish bo‘yicha imkoniyatlarni ishga solish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi belgilandi.
Shahar va tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi.
Barcha vazirlik va hokimliklarga o‘z tuzilmasida sun’iy intellektni rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan alohida bo‘linma tashkil qilish topshirildi. Ularga esa ish samaradorligi va xizmat sifatini oshirish, ortiqcha xarajat, “yashirin” iqtisodiyot va byurokratiyani qisqartirish kabi masalalarga sun’iy intellekt orqali yechim topish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab beriladi.
Yuqori ko‘rsatkichga erishgan, xorijiy til biladigan, texnologik bilimi kuchli 100 nafar mutaxassis AQSh, Yevropa, Singapur, Yaponiya kabi davlatlarga 6 oylik kurslarga yuboriladi.
2026-yildan vazirlik va hududlarda sun’iy intellektni joriy etish holatini baholaydigan reyting tizimi ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, keyingi yil sog‘liqni saqlash, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida sun’iy intellekt bo‘yicha 100 ta loyiha rejalashtirilgan.
Buning uchun shunga mos quvvatlar, zamonaviy super-kompyuterlar kerakligi aytildi. Hozirgi mavjud quvvatlar esa faqat kichik loyihalarni ishga tushirishga yetadi.
Oqibatda tadbirkorlar o‘z loyihasi uchun chet eldagi infratuzilmadan foydalanib, bunga millionlab dollar sarflayotgani qayd etildi.
Shu bois, joriy yil 16 ta super-kompyuter sotib olish uchun $50 mln ajratildi. Keyingi yil bu mablag‘ 2 karra oshirilishi e’lon qilindi.
Prezident dunyoda sun’iy intellektga talab ortib borayotgan hozirgi davrda raqobatdosh bo‘lish uchun 3 ta eng asosiy masala — infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadrlar tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Sakkiz yilda 300 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi, aholi punktlarining 99%i mobil aloqa bilan qamrab olindi. Katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash uchun 7 ta data-markaz ishga tushirildi.
Oktabr oyi boshida prezident O‘zbekistonda superkompyuter klasterini tashkil etishni tezlashtirishni topshirgandi. Yoshlarning istiqbolli loyihalarini aniqlash uchun barcha hududlarda Sunʼiy intellekt xakatoni yo‘lga qo‘yiladi. 2027-yilgacha 1 mln nafar yosh soha bo‘yicha o‘qitiladi.