OpenAI bir qator yangi mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ChatGPT Go obunasini joriy qildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.

Go obunasiga ega foydalanuvchilar chatbot funksiyalaridan arzon narxda kengroq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Tarif rejasining oylik narxi — $5 (Markaziy bank kursi bo‘yicha 60 300,75 so‘m).

Buning evaziga GPT-5 flagman modeli bo‘yicha kengaytirilgan so‘rovlar limitlari, rasm generatsiyasi, hujjatlar va boshqa fayllarni yuklash mumkin bo‘ladi. Shuningdek, tarifga dialoglarni “eslab qoluvchi” kengaytirilgan kontekstli oyna ham kiritilgan.

Bundan tashqari, Go obunasi o‘rnatilgan vositalar yordamida ma’lumotlarni tahlil qilishga kengaytirilgan kirish imkoniyatini o‘z ichiga oladi. Foydalanuvchilar shaxsiylashtirilgan GPT modellaridan foydalanishlari, shuningdek, dialoglarni birlashtirish uchun ko‘proq loyihalar yaratishlari mumkin bo‘ladi. Biroq, Go obunasi OpenAI’ning oldingi modellariga, jumladan ChatGPT 4o'ga kirishni o‘z ichiga olmaydi.

ChatGPT Go tarifi joriy yilning avgust oyida ishga tushirilgan. Oyiga $4,57 evaziga yangi obunadan birinchi bo‘lib Hindistondagi foydalanuvchilar foydalana boshladi.

OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda tarif dunyoning 89 mamlakat va hududida mavjud. Ular orasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston, shuningdek, Pokiston, Bangladesh, Nepal, Shri-Lanka, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoning aksariyat davlatlari bor.

Avvalroq Spot Google Hindistonda $15 mlrdlik sun’iy intellekt markazini qurishi haqida yozgandi. Qayd etilishicha, bu Google’ning Hindistonga kiritgan eng yirik investitsiyasi hisoblanadi.