Avvalroq prezident raisligida sun‘iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Oxirgi yillarda barcha vazirlik va idoralarda ish jarayonlari va ma‘lumotlarni raqamlashtirish bo‘yicha ko‘plab ish qilingani aytildi. Raqamli hukumat platformasi orqali davlat organlari o‘rtasida inson omilisiz ma‘lumotlarning almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Startaplarga o‘zining dasturiy mahsulotini Raqamli hukumat platformasiga integratsiya qilib, undagi ma‘lumotlardan foydalanishga ruxsat berildi.

Lekin sun‘iy intellektni rivojlantirish uchun bularning o‘zi yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Vazirlik va idoralardagi ma‘lumotlar har xil serverlarda tarqoq saqlanayotgani, ularning formatlari turlicha bo‘lgani uchun ham ishlar sust ketayotgani aytildi.

Yil yakunigacha vazirlik va idoralardagi 55 ta, kelasi yil qolgan barcha ma‘lumotlar bazalarini Elektron hukumat yagona data-markaziga o‘tkazish topshirildi. Bundan buyon vazirlik va idoralar ma‘lumotlarni o‘z serverlarida saqlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbek tilidagi adabiyotlar, ma‘lumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlarning aksariyati raqamlashmagani, elektron shaklga o‘tkazilganlari ham har xil manbalarda saqlanayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Hukumatga barcha vazirlik va idoralarning o‘zidagi ma‘lumotlarni elektron formatga o‘tkazish grafigini tasdiqlatish topshirildi. Raqamli texnologiyalar vazirligiga esa sun‘iy intellekt milliy madaniyat va qadriyatlarni o‘zida ifodalay olishi uchun “O‘zbek tili korpusi"ni yaratish vazifasi berildi.

2026-yil yakunigacha katta hajmdagi raqamli ma‘lumotlarni bir joyga jamlab, ularni qayta ishlash, tahlil qilish, foydalanish imkonini beradigan “Data Lake” platformasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Oktabr oyi boshidagi Hukumat soatida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov deputatning sun’iy intellektdan o‘zbek tilida foydalanish imkoniyati cheklangani borasidagi savoliga xorijiy mamlakatlar modelini joriy etish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi. Vazir yirik ma’lumotlar bazasi uchun 15 ta tashkilotdan ma’lumotlar yig‘ilayotganini bildirdi.

Spot, avvalroq, sun’iy intellektga $100 mlndan ortiq investitsiya kiritganlarga elektr narxi 5 sent etib belgilanishi haqida yozgandi.