O‘zbekistonda geologiya sohasida sun’iy intellekt yordamida videotahlilni amalga oshirish imkoni yaratiladi. Bu haqda 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Yil boshida 2030-yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sun’iy intellekt hajmi $15 trlnga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirgi tahlillar bu $20 trlndan ortishini ko‘rsatyapti.

O‘zbekistonda 2030-yilda sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmini $1,5 mlrdga yetkazish reja qilingan edi. Lekin xorijiy ekspertlar mamlakat salohiyatini $10 mlrdga baholamoqda.

Buning uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi yanada ko‘p ishlashi, vazirlar, hokimlar, tarmoq rahbarlari esa haftada bir kunini shu sohani rivojlantirishga ajratishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Hamma vazirlar, hokimlar chet elga borganida sun’iy intellekt iqtisodiyot tarmoqlari rivojiga qanday hissa qo‘shayotgani, aholiga, biznesga nima yengillik berayotganini ko‘ryapti. Bizda ham shuni qilsa bo‘ladimi? Albatta, bo‘ladi”, — dedi prezident.

Masalan, tarmoqlardagi ko‘plab korxonalar biznes jarayonlarini raqamlashtirib, xarajatlarini 10% gacha kamaytirayotgani qayd etildi. Sun’iy intellekt ham joriy etilsa, samaradorlik yanada oshishi ta’kidlandi.

Adliya, soliq idoralari sun’iy intellekt yordamida 24/7 rejimida onlayn maslahat tizimini ishga tushirgani ta’kidlandidi. Bojxona qo‘mitasi sun’iy intellekt orqali xavfni boshqarish tizimini yo‘lga qo‘ydi.

Geologiyada ham sun’iy intellekt yordamida videotahlil tizimini yo‘lga qo‘yib, rudadan olinadigan metall hajmini 1−2% ga oshirish bo‘yicha loyiha tayyorlanayotgani ma’lum qilindi. Bu birgina mis qazib olishning o‘zidan yiliga $20 mln qo‘shimcha daromad keltiradi.

Bundan oldin prezident T Park loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga start berdi. Loyiha doirasida texnopark hududi 1,5 baravarga kengaytirilib, sun’iy intellekt, kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari quriladi.

Avvalroq o‘zbek tilini sunʼiy intellekt yordamida qo‘llovchi platforma ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, yangi so‘z va atamalarning elektron reyestrini yurituvchi platforma yaratiladi.