Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT Parkka tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki yil oldin $200 mln investitsiya hisobiga ushbu loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirilgan edi. Qariyb 4 gektar maydonda 20−25 qavatli 6 ta ofis binosi va zamonaviy kongress-xoll barpo etildi.
Hozirgi kunda IT-park rezidentlari soni 3 200 ta kompaniyaga yetdi, ularda 14 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili rezidentlar tomonidan $1,6 mlrdlik xizmat ko‘rsatilgan, joriy yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich $2,5 mlrddan ortishi kutilmoqda. Eksport hajmi esa ilk bor $1 mlrddan oshishi rejalashtirilgan.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq, 300 mingdan ziyod yoshlarni IT sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan. Xorijiy ekspertlar faqatgina sun’iy intellekt yo‘nalishining o‘zida O‘zbekistonning salohiyatini $10 mlrdga baholamoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichida IT-park hududi 1,5 barobar kengaytiriladi. Bu yerda Saudiya Arabistonining DataVolt kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 12 megavatt bo‘lgan, $150 mlnlik data-markaz qurilmoqda. Keyingi bosqichlarda yana $3 mlrd investitsiya kiritilib, quvvat 500 megavattga yetkaziladi.
Bundan tashqari, hududda jami 6 ta bino — Sun’iy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi hamda servis va savdo markazlari quriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev kapsula qo‘yib, IT Park loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga rasman start berdi.
Avvalroq o‘zbek tilini sunʼiy intellekt yordamida qo‘llovchi platforma ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, yangi so‘z va atamalarning elektron reyestrini yurituvchi platforma yaratiladi.