Ilon Mask $1 trlnlik mukofot paketini olmasa, Tesla bosh direktori lavozimidan ketishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Electrek portali xabar bermoqda.
Quick Charge podkastida yozuvchi Jo Borras General Motors bosh direktori Meri Barra ushbu lavozimda Maskning o‘rnini egallashi mumkinligini taklif qildi. U Maskning Tesla’dagi ishini “to‘liq bo‘lmagan ish kuni” deb atadi.
Tesla Maskka tegishli X ijtimoiy tarmog‘ida odamlarni uning kompensatsiya paketiga ovoz berishga undash uchun reklamalarni faol ravishda sotib olmoqda.
Qayd etilishicha, kompaniya direktorlar kengashi bu masala bo‘yicha qaror qabul qilishi kerak.
Avgust oyida Tesla Ilon Maskka $29 mlrdlik mukofot puli berishni ma’qullagandi.
Mask 2027-yilgacha kompaniyadagi muhim lavozimni egallab tursa, 96 mln aksiyaga ega bo‘ladi. Qaror sotuvlarning pasayishi va Teslaning avtomobil ishlab chiqarishdan sun’iy intellekt, robotoaksi va gumanoid texnologiyalariga o‘tishga urinishlari fonida qabul qilindi.
Ushbu paket sud tomonidan ilgari bekor qilingan mukofotni qisman qoplaydi. 2018-yilda direktorlar kengashi Mask uchun Tesla kapitallashuvining o‘sishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan $50 mlrddan ortiq rekord kompensatsiya rejasini tasdiqladi.
Yangi paket Maskning kompaniyadagi ovozlar ulushini asta-sekin oshirib boradi. Direktorlar kengashining fikricha, bu shart uning motivatsiyasini saqlash va e’tiborini Teslaning rivojlanishiga qaratish uchun muhimdir.
Aksiyalarni olish uchun Mask 2027-yilgacha asosiy ijrochi lavozimida qolishi shart. Bundan tashqari, aksiyalarni besh yil davomida sotish taqiqlanadi. Faqat soliqlarni to‘lash uchun yoki har bir aksiyani $23,34dan qaytarib sotib olish hollari bundan mustasno.
Avvalroq Ilon Mask Marsni o‘zlashtirish uchun kamida 100 ming ko‘ngilli kerakligi haqida aytgandi.
Maskning qayd etishicha, natijaga erishish uchun odamlarni Marsga bir marta yuborish emas, balki u yerda yashash uchun sharoit yaratish kerak.