Prezident davlat tilini rivojlantirishga oid qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Hujjat bilan, davlat tilining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash chora-tadbirlari belgilandi.

Xususan, o‘zbek tilini sunʼiy intellekt yordamida qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan platforma ishlab chiqish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Bu bo‘yicha Raqamli texnologiyalar, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari hamda Fanlar akademiyasiga loyihani 2026-yilning 1-mayigacha hukumatga kiritish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, Oliy taʼlim vazirligi 2025-yil 1-dekabrgacha elektron platforma yaratish bo‘yicha ilmiy loyihaga tanlov eʼlon qilishi kerak.

Platforma yangi qabul qilinayotgan atamalar bo‘yicha bildirilgan taklif, fikr va tavsiyalarni qayd etib boradi.

Shu bilan birga, tizim tasdiqlangan yangi so‘z va atamalarni o‘zida aks ettiradigan elektron reyestrni yuritadi, o‘zbek tilida chop etilgan sohaviy, izohli va imlo lug‘atlarini o‘zida jamlaydi.

Oktabr oyi boshidagi Hukumat soatida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov deputatning sun’iy intellektdan o‘zbek tilida foydalanish imkoniyati cheklangani borasidagi savoliga xorijiy mamlakatlar modelini joriy etish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.

Vazir sun’iy intellektni o‘qitish uchun til resurslarini kengaytirish zarurligini ta’kidlab, o‘zbek tiliga befarq bo‘lmagan fuqarolarni birgalikda ishlashga chaqirgan edi.

“Bizni eng qiynaydigan masala — sun’iy intellektni o‘qitish. Buning uchun esa axborot zarur. Bu masalalarda bizga juda katta yordam kerak. Biz kutubxona yoki boshqa til resurslarimizni sun’iy intellekt modellariga o‘qitib chiqishimiz zarur”, — degan edi u.

Hozirda yirik ma’lumotlar bazasini yaratish uchun 15 ta tashkilotdan ma’lumotlar yig‘ilib, elektron hukumat tizimi orqali 90 mingga yaqin ma’lumotlar to‘plami yaratilgan. Sherzod Shermatov o‘zbek tilidagi “katta til modeli"ni (LLM) yaratish uchun 10 mlrd so‘zdan iborat o‘zbek tili korpusini tuzish ishlari olib borilayotganini qayd etdi.

Spot, avvalroq, huquqshunos va texnologik siyosat bo‘yicha ekspert Ammar Yunus bilan O‘zbekistonga o‘z sun’iy intellekt modeli nima uchun zarurligi va nega global trendlardan andoza olmaslik muhimligini muhokama qilgandi.