Britaniyaning Channel 4 telekanali birinchi marta sun’iy intellekt jurnalisti boshlovchilik qilgan hujjatli filmni efirga uzatdi. Bu haqda Deadline xabar bermoqda.

“Will AI Take My Job?” nomli film dolzarb savolni ko‘tarib chiqdi: sun’iy intellekt turli kasb egalarining o‘rnini egallashi mumkinmi — shifokordan tortib zamonaviy fotografgacha?

Biroq, filmning yakunida asosiy hayratlanarli holat boshlovchining xulosalari emas, balki uning o‘zi aslida neyron tarmoq tomonidan yaratilganini e’tirof etishi bo‘ldi.

“Men haqiqiy odam emasman. Men sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan teleboshlovchiman. Ba’zilaringiz taxmin qilgan bo‘lishingiz mumkin, lekin ha, mening ovozim va qiyofam to‘liq mashina tomonidan yaratilgan”, — deya xulosa qildi u.

Sun’iy intellekt jurnalisti Seraphinne Vallora tomonidan Kalel Productions prodyuserlik studiyasi uchun ishlab chiqilgan.

Ekranda e’tiborli tomoshabinlar boshlovchi harakatlarining norealligini, masalan, lablarning g‘ayritabiiy harakatlarini payqashlari mumkin edi, ammo ko‘pchilik almashtirishdan shubhalanmadi.

Channel 4 yangiliklar va dolzarb dasturlar bo‘limi rahbari Luiza Kompton tajribaning jamoa tomonidan puxta ishlab chiqilganini va doimiy amaliyotga aylanmasligini ta’kidladi.

“Biz sun’iy intellekt boshlovchilarini muntazam yangiliklar dasturlarining bir qismiga aylantirish niyatida emasmiz. Channel 4 sifatli, tekshirilgan va xolis jurnalistikaga sodiq qolmoqda, sun’iy intellekt esa hozircha bunga qodir emas. Biroq, bu tajriba muhim eslatma vazifasini o‘taydi: sun’iy intellekt juda ishonchli va hatto xavfli bo‘lishi mumkin”.

Kalel Productions bosh direktori Nik Parnsning qo‘shimcha qilishicha, sun’iy intellekt boshlovchisini yaratish nafaqat texnologik jihatdan qiziqarli, balki iqtisodiy jihatdan ham foydali bo‘lib chiqdi.

“Ajablanarlisi shundaki, raqamli boshlovchidan foydalanish odam yollashdan ko‘ra arzonroq bo‘lib bormoqda”, — dedi u.


Avvalroq Spot Texasdagi maktablardan birida barcha o‘qituvchilar SIga almashtirilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, endi darslarni neyron tarmoqlar o‘tishmoqda va har bir o‘quvchiga maxsus yondashishmoqda.