Amazon 2033-yilga borib robotlar hisobiga 600 mingga yaqin amerikalik ishchini yollashdan qochish imkonini beradigan avtomatlashtirishni joriy etish niyatida. Bu haqda The New York Times (NYT) nashri xabar bermoqda.
Amazon robototexnika jamoasi kompaniyaning barcha operatsiyalarining 75%ini avtomatlashtirish ustida ishlamoqda. Bu 2027-yilga borib AQShda 160 ming ish o‘rni qisqarishiga olib kelishi kutilmoqda.
Ushbu avtomatlashtirish sa’y-harakatlari kompaniyaga 2025−2027-yillar oralig‘ida $12,6 mlrd tejash imkonini berishi kutilmoqda.
Amazon jamoatchilik tomonidan ish o‘rinlari yo‘qotilishiga kutilayotgan salbiy munosabat oldidan “jamiyatning halol korporativ a’zosi” sifatidagi o‘z obro‘sini yaxshilash bo‘yicha choralarni ko‘rib chiqdi.
Xabar qilinishicha, kompaniya ijtimoiy loyihalarda ishtirok etishni va “avtomatlashtirish” hamda “sun'iy intellekt” kabi atamalardan qochishni muhokama qilgan.
Buning o‘rniga, “ilg‘or texnologiyalar” kabi umumiyroq iboralarni yoki odamlar bilan hamkorlikda ishlaydigan robotlarni ifodalash uchun “kobot” so‘zini ishlatishni ma’qul ko‘rgan.
Amazon’ning vakili Kelli Nantel The Verge uchun bergan bayonotida, e’lon qilingan hujjatlar faqatgina bitta guruhning qarashlarini aks ettirishini va kompaniyaning “na hozirgi, na kelajakdagi” umumiy ishga qabul qilish strategiyasini ifodalamayotganini ta’kidladi.
Nantel NYT gazetasi havola qilgan “sizib chiqqan hujjatlar” kompaniya rejalarining to‘liq bo‘lmagan va chalg‘ituvchi tasvirini berganini alohida qayd etdi.
Avvalroq Spot Amazon bolalar uchun pulli virtual tibbiy xizmatni ishga tushirishi haqida yozgandi.
Tibbiy xizmat konyunktivit, ekzema, hasharot chaqishlari, kontakt dermatiti, zamburug‘li toshmalar kabi 10 dan ortiq teri kasalliklarini davolashda yordam berishi mumkin.