O‘zbekistonda ayrim mobil aloqa operatorlari firibgarlar qo‘ng‘iroqlarini cheklovchi tizimni ishga tushirdi. Bu haqda kompaniyalar matbuot xizmatlari xabar berdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda joriy etilgan “Anti-Spoofing” texnologiyasi soxta raqamlardan qilingan qo‘ng‘iroqlarni aniqlab, foydalanuvchilarni telefon firibgarligi va shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqishidan himoya qiladi.
Xususan, Mobiuz joriy yilning sentabr oyida ushbu tizimni o‘z tarmoqlarida joriy etdi. Kompaniya bir oydan buyon chet eldan O‘zbekistonga qilinayotgan firibgarlarning minglab qo‘ng‘iroqlari abonentlarga yetib kelmayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, robotlashtirilgan qo‘ng‘iroqlarni avtomatik bloklash tizimlari joriy etilgan.
Beeline Uzbekistan ham O‘zbekistonda olib borilayotgan raqamli firibgarlikka qarshi keng qamrovli dastur doirasida “anti-spoofing” texnologiyasini ishga tushirdi.
“Anti-spoofing” tizimi telefon qo‘g‘irog‘ida raqamning haqiqiyligini tekshiradi: agar xalqaro qo‘ng‘iroq O‘zbekiston foydalanuvchisidan emas, balki faqat mahalliy raqam (+998 prefiksi) ostida yashiringan bo‘lsa, tizim shubhali qo‘ng‘iroqni avtomatik tarzda bloklaydi.
Beeline’da qayd etilishicha, ushbu tizim roumingda amalga oshirilgan qo‘ng‘iroqlar uchun ham qo‘llaniladi. Chunki firibgarlar go‘yoki O‘zbekiston mobil operatorlaridan biri nomidan, ammo xorijdan turib soxta qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirishlari mumkin.
Tizim real vaqt rejimida SIM-karta qaysi tarmoqda ro‘yxatdan o‘tganini operator orqali tekshiradi. Agar operatorning kommutatsiya uskunasi abonent xorijiy tarmoq o‘rniga uy tarmog‘ida ro‘yxatdan o‘tganligini ko‘rsatsa, u holda qo‘ng‘iroq ham avtomatik ravishda bloklanadi.
Yangi funksiya barcha abonentlar uchun avtomatik ravishda bepul faollashtirilgan bo‘lib, buning uchun alohida ilovalarni o‘rnatish shart emas.
O‘zbektelekom matbuot kotibi Timur Mamajanov Spot so‘roviga javoban, ushbu tizim mobil aloqa operatirida allaqachon ishga tushirilganini bildirdi. “Biz 2025-yil iyul oyida abonentlarni telefon firibgarligi va raqamlardan ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish chora-tadbirlari doirasida anti-spoofing texnologiyasini joriy etganmiz”, — dedi u.
Joriy yilning aprel oyida qabul qilingan prezidentning axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan qarori bilan Raqamli texnologiyalar vazirligiga manfaatdor idoralar va muassasalar bilan yil oxirigacha soxta qo‘ng‘iroqlarni cheklash tizimini to‘liq joriy qilish topshirilgandi.
Avvalroq senator aloqa operatorlari abonentlar mablag‘ini ularning roziligisiz yechib olayotganini tanqid qilgani haqida xabar berilgandi. Foydalanuvchilarga kontent provayderlari tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlarni tartibga soluvchi hujjat mavjud emas. Natijada bunday xizmatlarni bekor qilish qiyin bo‘lib qolmoqda.