OpenAI ChatGPT Atlas sun’iy intellekt brauzerini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Brauzer boshqalariga o‘xshaydi. Xususiyatlari orasida istalgan oynada ChatGPT chat-botining yon panelini ochish imkoniyati mavjud.

Yordamchi sahifadagi asosiy ma’lumotlarni umumlashtirib berishi, mahsulotlarni taqqoslashi yoki ma’lumotlarni tahlil qilishi mumkin. Shuningdek, agent rejimi ham mavjud: bu rejimda ChatGPT foydalanuvchining bevosita aralashuvisiz, ammo uning nazorati ostida saytlar bilan o‘zaro aloqa qiladi. Masalan, u chiptalarni band qilish imkoniyatiga ega.

Ishlab chiquvchilar misollardan birida brauzerdan “real hayotda” qanday foydalanish mumkinligini ko‘rsatishdi.

Ular ochiq veb-sahifadagi taom retsepti bo‘yicha o‘ng tomondagi yordamchi bilan suhbatlashib, sakkiz kishilik jamoa uchun ushbu taomga qanday masalliqlar kerakligini so‘rashdi.

atlas, brauzer, chatgpt, openai, sun'iy intellekt

So‘ngra yordamchidan taom uchun ma’lum mahsulotlarni buyurtma qilish so‘raldi. U bu vazifani Instacart xizmati veb-saytida agent rejimida orqa fonda bajargan. Barcha harakatlarni kuzatib borish imkoniyati mavjud.

Boshqa bir misolda elektron pochta bilan ishlash ko‘rsatilgan. Xatning ochiq qoralamasida matnni ajratib ko‘rsatish va chat-botdan uni, masalan, kerakli uslubda qayta yozishni so‘rash mumkin. Xuddi shu narsani taqvim va hujjatlarda ham amalga oshirish mumkin.

atlas, brauzer, chatgpt, openai, sun'iy intellekt

Shuningdek, chatda aniq havola yoki sayt nomi bo‘lmasa ham, qidiruv tarixi haqida savollar berish imkoniyati mavjud.

Brauzer bepul ishlaydi va hozircha faqat macOS uchun mavjud, uni OpenAI saytidan yuklab olish mumkin.

Windows, iOS va Android uchun versiyalar “tez orada” paydo bo‘ladi. Faqat ChatGPT Plus, Pro va Business obunachilari boshlang‘ich versiyada agent rejimini oladilar. Reuters manbalarining aytishicha, brauzer Chromium asosida yaratilgan.


Avvalroq Spot OpenAI bir qator yangi mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ChatGPT Go obunasini joriy qilgani haqida yozgandi.

Go obunasiga ega foydalanuvchilar chatbot funksiyalaridan arzon narxda kengroq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Tarif rejasining oylik narxi — $5 (Markaziy bank kursi bo‘yicha 60 300,75 so‘m).