Coca-Cola Amerika qamish shakaridan tayyorlangan ichimlikning cheklangan miqdorda ishlab chiqarishini boshladi.

Qayd etilishicha, kompaniya xomashyo va ishlab chiqarish quvvatlarining yetishmasligiga duch keldi. Bu haqda kompaniya moliyaviy direktori Jon Merfi seshanba kuni Bloomberg News’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Ushbu tashabbus prezident Donald Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. U avvalroq ishlab chiqaruvchini mahalliy xomashyodan foydalanishga o‘tishga da’vat etgan edi.

Merfining so‘zlariga ko‘ra, AQShda shakarqamish ishlab chiqarish mamlakat ehtiyojining atigi 30%ini qoplaydi — qolgan qismi qand lavlagi hamda Meksika va boshqa mamlakatlardan import hisobiga ta’minlanadi, deb ma’lum qiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Coca-Cola odatda o‘zining asosiy mahsulotini yuqori fruktozali makkajo‘xori siropi bilan shirinlashtiradi, chunki u qamish shakariga nisbatan arzonroq.

Biroq, Meksikadan keltirilgan qamish shakari qo‘shilgan ichimlik versiyasi allaqachon amerikalik iste’molchilar orasida ommalashib ulgurgan.

Ikkinchi to‘siq — shisha idishlarga quyish quvvatining yetishmasligi. Shishada ishlab chiqarish texnologiyasi bankalardan farq qilgani sababli, alohida liniyalarni rivojlantirishni talab etadi.

Kompaniya bosqichma-bosqich ishga tushirishni rejalashtirmoqda — dastlab alohida bozorlardagi bir nechta do‘konlarda, 2026-yilga kelib esa ko‘lamni kengaytirish nazarda tutilgan.


Avvalroq Spot Coca-Cola Britaniyaning Costa Coffee qahvaxonalar tarmog‘ini sotmoqchiligi haqida yozgandi.

Ehtimoliy sotuv sabablari ko‘rsatilmagan bo‘lsada, tarmoqning yillik daromadi Coca-Cola sotib olingungacha bo‘lgan darajadan past ekanligi qayd etilmoqda.