Avvalroq 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanida IT Park Uzbekistan majmuasining ikkinchi bosqichi qurilishiga start bergani haqida xabar berilgandi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida raqamlashtirishdan keyingi bosqich sunʼiy intellektni rivojlantirish bo‘lishi kerakligini taʼkidladi. Uning aytishicha, prezident IT Park‘ning ikkinchi bosqich rivojlanishini sunʼiy intellektni joriy etish bilan bog‘lashni topshirgan.
Obyekt sunʼiy intellektni rivojlantirish bo‘yicha yirik markazga aylanadi. Uning hududida SI bilan ishlaydigan startaplar, shuningdek, grafik protsessorlar bilan jihozlangan maʼlumotlar markazlari joylashadi. Vazir misol sifatida DataVolt kompaniyasi tomonidan qurilayotgan 12 MVt quvvatga ega maʼlumotlar markazini — Markaziy Osiyodagi sunʼiy intellekt uchun eng yirik maʼlumotlarni qayta ishlash markazini keltirdi.
Keyingi bosqichlarda DataVolt O‘zbekistonning butun hududida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan yangi maʼlumotlar markazlarini barpo etishni rejalashtirmoqda.
“O‘zbekistonda eng katta hudud Qoraqalpog‘istondir. Prezident o‘ziga xos hududidan kelib chiqib, Qoraqalpog‘istonni data markazlar makoniga aylantirish g‘oyasini ilgari surdi. Agar investor $100 mlndan ko‘proq mablag‘ kiritsa, prezident imtiyozlar berishni vaʼda qildi. Bu Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishning o‘ziga xos drayveriga aylanadi”, — dedi Shermatov.
Vazir investorlarga yengillik berish orqali hududga ko‘plab kompaniyalarni jalb qilish mumkinligi, startap ekotizimining rivojlanishiga va yoshlarning qiziqishiga turtki berishini qayd etdi.
Kechagi yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda $100 mlndan ortiq qiymatga ega raqamli infratuzilma obyektlari 1 kVt soat uchun 5 sent narxida elektr energiyasi olishini maʼlum qildi (hozirda 1 kVt soat uchun 1000 so‘m, bu — 8 sentdan ortiq).
Bundan tashqari, oktabr oyi boshida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak Qoraqalpog‘istonda mayning uchun elektr energiyasining imtiyozli tarifini eʼlon qilgandi.
Qoraqalpog‘istonda energiya sarfi yuqori bo‘lgan loyihalarni ustuvor joylashtirish mintaqada rejalashtirilayotgan qayta tiklanadigan energetika sohasidagi loyihalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
2024-yil may oyida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Energetika vazirligi ACWA Power bilan kelishuv imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Saudiya kompaniyasi Qo‘ng‘irot tumanida 5 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini quradi. Energetika loyihasining qiymati $6,2 mlrd deb baholanmoqda.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston mintaqaviy maʼlumotlar markaziga Google, Microsoft, Meta va Amazonni jalb etishi haqida yozgandi.