Tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruvning ixcham va natijadorlikka yo‘naltirilgan samarali tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, hokimliklar faoliyatini takomillashtirishning asosiy maqsadlari belgilandi. Jumladan, hokimliklar aholi va tadbirkorlarga kompleks xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy tuzilmaga transformatsiya qilinadi.

Mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etishda hokimliklarning maʼmuriy vakolatlari yana-da kengaytiriladi. Ularning hududiy rivojlanishga oid ustuvor vazifalari va masʼuliyat doirasi aniq belgilanadi.

2026-yildan boshlab tajriba tariqasida “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomiga ega 33 ta hududda, shuningdek Surxondaryo viloyatining boshqa barcha tuman va shaharlari bo‘yicha respublika ijro organlarining mahalliy bo‘linmalari tuman (shahar) hokimliklari tarkibiga o‘tkaziladi.

Tajriba-sinov davrida tuman hokimlari respublika idoralarining mahalliy bo‘linmalariga bevosita rahbarlik qiladi va ularning ish samaradorligini ta‘minlaydi.

Ushbu davrda hokim o‘rinbosarlarining cheklangan soni Surxondaryo viloyati hokimligida 6, tuman hokimliklarida 4 nafar etib belgilanadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 33 ta namunali tuman va shahar barpo etilishi haqida yozgandi. Har bir tumanda yiliga $50 mlnlik 10 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.