Toshkent shahrida Koreya Eksimbanki bilan hamkorlikda zamonaviy tibbiyot klasteri tashkil etiladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Kuni kecha “Kattalar uchun ko‘p tarmoqli zamonaviy tibbiyot markazini barpo etish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bosh pudratchi sifatida tanlangan Kyeryong konsorsiumi rahbari va Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov o‘rtasida shartnoma imzolandi va qurilish ishlariga start berildi.

Loyiha Koreyaning Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida amalga oshiriladi. Uning umumiy qiymati $149,8 mlnni tashkil etib, shundan $124 mln — Koreya Eksimbanki orqali EDCF kredit mablag‘lari, $25,8 mln esa — O‘zbekistonning ulushi hisoblanadi.

Loyihaning amalga oshirilishi bilan jahon standartlariga mos keladigan, IV darajali, quvvati 300 o‘rinli bo‘lgan yangi shifoxona binosi barpo etiladi. 700 nafardan ortiq xodim uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

130 nafar o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari esa malaka oshirish uchun Janubiy Koreyaga yuboriladi. 32 nafar koreyalik yuqori malakali mutaxassislar esa O‘zbekistonga jalb etiladi.

Shifoxonada yiliga 8,5 mingta yurak qon-tomir xirurgiyasi, transplantologiya, neyroxirurgiya, reabilitatsiya, orqa miya va bo‘g‘im og‘riqlari bilan bog‘liq yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalarni o‘tkazish imkoni bo‘ladi.

Spot, avvalroq, Italiya O‘zbekistondan 3500 nafar o‘rta tibbiyot xodimini ishga olishi haqida yozgandi.