Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozorida yillik dinamika barqaror o‘sishni saqlab turibdi.

2025-yil sentabr oyi yakunida, respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 24,2 mingtani tashkil etdi, o‘tgan yilning sentabr oyiga nisbatan bitimlar soni 13,7%ga oshdi.

Eng yuqori yillik o‘sish Sirdaryo viloyatida (+35,6%), Buxoro viloyatida (+20,2%) va Toshkent shahrida (+31,2%) qayd etildi.

Joriy yilning uchinchi choragida mamlakat bo‘ylab jami 75,5 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,6%ga va joriy yilning ikkinchi choragiga nisbatan 11%ga ko‘pdir.

Eng katta o‘sishi Buxoro viloyati (+27,3%), Sirdaryo viloyati (+24,9%) va Toshkent shahrida (+19,9%) kuzatildi.

Ikkilamchi va birlamchi bozorlar

Sentabr oyida ikkilamchi uy-joy bozoridagi o‘rtacha narxlar 0,6% ga oshgan. Yillik hisobda, o‘tgan yilning sentyabr oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 4,6% ga oshgan.

Eng yuqori narx o‘sishi Surxondaryo (+19%), Sirdaryo (+15,8%) va Jizzax (+14,5%) viloyatlarida qayd etildi.

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida sentabr oyida narxlar 0,6% ga oshgan, biroq 2024-yil sentabr oyiga nisbatan 1,7% ga pasaygan.

Ikkilamchi uy-joy bozorida eng katta pasayish Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida kuzatildi. O‘rtacha hisobda pasayish 4,3%ni tashkil etdi.

Shu bilan birga, birlamchi uy-joy ko‘chmas mulk bozorida narxlarning 3% ga oshgani qayd etildi.

Birlamchi uy-joy bozorida eng yuqori narx oshishi Mirobod, Bektemir va Yakkasaroy tumanlarida qayd etildi. O‘rtacha hisobda o‘sish 5,8%ni tashkil etdi.

Toshkentda uy-joy ijarasi

Sentabr oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $8,5 ni tashkil etdi. Eng yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatildi.

O‘tgan yilning sentabr oyiga nisbatan poytaxtdagi ijara narxlari 1,4% ga oshgan. Eng katta o‘sish Yunusobod, Olmazor va Mirobad tumanlarida qayd etildi va o‘rtacha 4,4% ni tashkil etdi.