O‘zbekiston 2025-yilning to‘qqiz oyi davomida rekord miqdorda oltin sotgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.
O‘tgan oyda O‘zbekiston iyun oyidagi tanaffusdan so‘ng $1,47 mlrdlik oltin eksportini davom ettirdi. Avvalgi oylardagi yetkazib berish hajmi quyidagicha bo‘lgan: fevralda — $1,73 mlrd, martda — $1,84 mlrd, aprelda — $1,91 mlrd, mayda — $1,01 mlrd, iyulda — $1,09 mlrd va avgustda — $836 mln.
Yanvar-sentabr yakunlariga ko‘ra, qimmatbaho metall yetkazib berish $9,89 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 70,9% ga o‘sdi. Natijada to‘qqiz oylik eksport 2023-yilda o‘rnatilgan tarixiy maksimumdan ($8,15 mlrd) sezilarli darajada oshib ketdi.
Milliy statistika qo‘mitasi fizik hajmdagi yetkazib berishlarni ochiqlamagan. Ehtimol, oltin eksporti bo‘yicha yangi rekordning o‘rnatilishi jahon bozorlarida qimmatbaho metallning sezilarli darajada qimmatlashishi bilan bog‘liq. O‘tgan hafta oltin narxi bir troya unsiyasi uchun $4360 dan oshdi.
Jahon oltin kengashi maʼlumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon oltin zaxirasi hajmi 17 tonnaga kamaydi, biroq O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisi maqomini saqlab qolmoqda.
Sentabr oyida oltin-valyuta zaxiralari yangi tarixiy rekordni o‘rnatdi. Ularning hajmi $54,99 mlrdga yetdi — bu bir oy oldingiga qaraganda $4,9 mlrdga ko‘p. Markaziy bank omborlaridagi oltin qiymati $4,17 mlrdga oshib, birinchi marta $44,22 mlrdni tashkil etdi. Bu zaxiralarning jismoniy hajmi 11,8 mln troya unsiyasidan 11,6 mln troya unsiyasigacha biroz kamayishiga qaramay, oltinning qimmatlashishi hisobiga sodir bo‘ldi.
To‘qqiz oy ichida NKMK 95,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,7% ko‘p. Oltin ishlab chiqarish hajmi 2,34 mln troya unsiyasini tashkil etib, yillik 2% ga yuqori bo‘ldi.
Davlat kompaniyasi birinchi yarim yillikni rekord darajadagi daromad va foyda bilan yakunladi. Kompaniyaning daromadi rekord darajada $4,7 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40,9% ga oshdi. Sof foyda yillik 71,8% ga o‘sib, $1,51 mlrdga yetdi.
Spot, avvalroq, dollar kursi 2023-yil avgustidan beri eng past darajaga — 12 011 so‘mga tushgani haqida yozgandi.