Italiya kompaniyalari O‘zbekistonda AES loyihasi amalga oshirilishini nazorat qilishi mumkin. Bu haqda O‘zatom agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik direktori Azim Axmedxo‘jayev 20-oktabr kuni Ansaldo Energia xoldingi va uning atom energetikasi texnologiyalariga ixtisoslashgan Ansaldo Nucleare kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar O‘zbekistonda birinchi AES qurish loyihasini amalga oshirishda texnologik integratsiya va italiyalik hamkorlarning yordamchi tizimlari yechimlarini mamlakat iqlim sharoitiga moslashtirishda hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Italiya tomoni xavfsizlik tizimlarini yaratish va ular uchun dasturiy ta‘minotni ishlab chiqish, AESlar uchun asosiy va yordamchi uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha katta tajribaga egaligini taʼkidladi.

Shuningdek, Xitoy, Belgiya, Sloveniya, Vengriya va Ukrainaja AESlarni baholash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish hamda ishlatilgan yadro yoqilg‘isi bilan ishlashda yuqori professionallik to‘g‘risida fikr bildirildi.

Xolding kompaniyalarini O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasini amalga oshirishni nazorat qilish muhokama qilindi. Shu bilan birga, samarali yordamchi yechimlarni ishlab chiqish uchun texnik maslahatchilar sifatida jalb qilish imkoniyatlari bo‘yicha so‘z bordi.

Ansaldo Nucleare kompaniyasi bilan radioaktiv chiqindilarni boshqarish va ishlatilgan yadro yoqilg‘isi tizimlarini qo‘llash bo‘yicha hamkorlik masalalari o‘rganildi. Italiya tomoni milliy normativ-huquqiy bazani shakllantirish va litsenziyalash bo‘yicha maslahat faoliyatini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.

Bundan tashqari, atom sohasida texnologiyalarni doimiy ravishda takomillashtirish va kadrlar tayyorlash maqsadida qo‘shma ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini tashkil etish taʼkidlandi.

Joriy yilning may oyida Italiya bosh vaziri Jorja Melonining Samarqandga tashrifi chog‘ida O‘zatom va Ansaldo Energia o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangandi. Hujjat atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda kichik AES qurilishi uchun kotlovan qazish boshlangani haqida yozgandi.