Chakana savdodagi aksiya va chegirmalar uchun yangi huquqiy tartib joriy qilindi. Bu hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan belgilandi.

Hujjat bilan, mazkur savdo qoidalari “rag‘batlantiruvchi aksiya”, “narxnoma”, “chegirma narx” va “chegirma narxgacha” kabi tushunchalari bilan to‘ldirildi.

Shuningdek, sotuvchi isteʼmolchilarning qiziqishini oshirish, sotuvni ko‘paytirish yoki boshqa maqsadlarda o‘zi realizatsiya qilayotgan tovarlarga nisbatan rag‘batlantiruvchi aksiya yoki chegirmalar qo‘llashi mumkin. Biroq alkogol, pivo, vino, tamaki mahsulotlari va nikotin moslamalari bundan mustasno.

Chegirma eʼlon qilinganda avvalgi narx oxirgi 30 kun ichidagi eng past narx bo‘lishi shart (qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno). Aksiyadagi narx odatdagi narxdan katta shriftda yozilishi mumkin emas (agar narxnoma mavjud bo‘lsa).

Narx sunʼiy ravishda ko‘tarib, keyin tushirib, buni chegirma sifatida ko‘rsatish orqali isteʼmolchilarni chalg‘itish taqiqlandi. Aksiya/chegirma haqidagi axborotlar soliq organlariga 10 kun oldin taqdim etilishi lozim.

Sotuvchi chegirma eʼlon qilish oldidan tovar va narxlar hisobini yuritishi, oxirgi 30 kunda amalda bo‘lgan narxlarini qayd etishi va isteʼmolchiga mazkur maʼlumotni taqdim etishi shart.

Shuningdek, sotuvchi aksiya o‘tkazish shartlari, amal qilish muddati, sotib olish shartlari, aksiyaga qo‘yiladigan tovarlar nomi, narxi, imtiyozlarni isteʼmolchilarga aniq qilib yetkazishi belgilandi.

Aksiyaga qo‘yilgan tovarlar zaxirasi uning amal qilish muddati davomida yetarli miqdorda bo‘lishi kerak. Agar chegirma uchun shaxsiy maʼlumot talab etilsa, sotuvchi qonunchilikka rioya qilishi va isteʼmolchini maʼlumotlarni qayta ishlash maqsad va shartlari haqida xabardor qilishi lozim.

Rag‘batlantiruvchi aksiya va chegirmalar qo‘llash bo‘yicha talablarni buzganlik uchun javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Raqobat qo‘mitasi ushbu qaror bo‘yicha loyihani iyun oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda alkogol va tamaki sohalarida xavflarni tahlil qilishning avtomatik tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.