O‘zbekiston va Rossiya mehnat bozorida yuqori talabga ega mutaxassislarni dual ta‘lim asosida birga tayyorlashi mumkin. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Moskvada 22-oktabr kuni ikki mamlakat hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov va O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirok etdi.

Yig‘ilishda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zaro aloqalar hamda madaniy-gumanitar sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Elektron savdo, qo‘shma sanoat korxonalari tashkil etish, ulgurji-taqsimot markazlarini rivojlantirish masalalariga alohida e‘tibor qaratildi. Shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash uchun dual ta‘lim tizimini joriy etish bo‘yicha so‘z bordi.

Yakunda Rossiya va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar sohalarni qamrab olgan 30 dan ortiq hujjatlar imzolandi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning 14 ta hududi Rossiyaning 50 dan ortiq subyekti bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, qo‘shma loyihalar portfeli $6,2 mlrddan oshgan.

Oktabr oyi avvalida Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasida agroekspressni yo‘lga qo‘yishni taklif qilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston 2025-yilda Rossiya gazi importini 2 mlrd kub metrga oshirishi haqida yozgandi.