01
Oltin bilan nimalar sodir bo‘lmoqda?
2025-yil boshidan beri O‘zbekistonda oltin narxi 47% ga oshib, 42-marotaba yangi rekord ko‘rsatkichni qayd etdi. Jahon bozorida ham oltinning bir unsiyasi $4 minglik chegaradan o‘tib, mutlaq rekordni yangiladi.
Narxlar o‘sishining asosiy sabablari sifatida dollarning qadrsizlanishi, inflyatsiya, shuningdek, AQSh siyosati keltirilmoqda.
02
Nega oltin qimmatlashmoqda?
Oltin nafaqat qimmatbaho metall, balki jamg‘armalarni saqlashning an’anaviy va xavfsiz usuli sifatida ham qabul qilinadi. Ushbu qimmatbaho metall, hattoki, valyuta hamda aksiyalar pasaygan taqdirda ham, o‘z qiymatini saqlab qoladi. Oltinning narxi nolga tenglashishi kamdan kam kuzatiladi, iqtisodiy beqarorlik davrlarida unga bo‘lgan talab ortadi.
O‘zbekistonda joriy yilning 9 oyi davomida Markaziy bank tomonidan 17 mingdan ortiq xaridorga 380 kg oltin sotilgan. Bu ko‘rsatkich butun 2024-yildagi sotuv hajmiga nisbatan 61% ga ko‘pdir.
03
Oltin qayerdan olinadi?
Ichki bozorga oltinning asosiy yetkazib beruvchisi O‘zbekiston Markaziy banki hisoblanadi. Aynan u oltin quymalarini sotish mexanizmini shakllantiradi: sotib olish va sotish narxlarini ham belgilaydi.
Tijorat banklari esa ushbu jarayonda faqatgina vositachilik vazifasini bajaradi: ular mijozlarga oltin quymalarini Markaziy bank e’lon qilgan narxlarda sotadi va ulardan sotib oladi. Banklar vositachilik uchun qiymatning ma’lum bir foizini oladilar.
04
Qanday oltinni sotib olish mumkin?
Bugungi kunda O‘zbekistonda oltinni uch xil shaklda xarid qilish mumkin:
- jismoniy quymalar — eng ommabop va tushunarli variant bo‘lib, unda oltin metallning o‘zi sotib olinadi.
- oltin depozitlari — jamg‘armalar oltin grammlarida hisobga olinadigan bank hisobvaraqlari.
- oltin bilan ta’minlangan raqamli tokenlar — fintex ilovalari orqali sarmoya kiritishning zamonaviy shakli.
05
Oltin quymalari nimadan iborat?
Bu — 999,9 probali sof oltin. Ularni butun mamlakat bo‘ylab tijorat banklaridan erkin xarid qilish mumkin.
Sotuvga 5, 10, 20, 50 va 100 gramm og‘irlikdagi quymalar mavjud. Har bir quyma seriya raqami hamda aslligini tasdiqlovchi QR-kod bilan himoyalangan qadoqda taqdim etiladi.
06
Oltin quyman narxi qancha?
Markaziy bank har kuni o‘zining rasmiy saytida o‘lchovli oltin quymalarining amaldagi narxlarini, shuningdek, qoldiqlarini e’lon qilib boradi. Qiymat jahon qimmatbaho metallar bozoridagi vaziyatga qarab, kun davomida o‘zgarishi mumkin.
2025-yil 23-oktabr holatiga ko‘ra sotuv narxlari:
- 5 gramm — 8,12 mln so‘m
- 10 gramm — 16,23 mln so‘m
- 20 gramm — 32,46 mln so‘m
- 50 gramm — 81,17 mln so‘m
- 100 gramm — 162,24 mln so‘m
07
Qaysi banklarda sotib olish mumkin?
Oltin quymalarini sotish barcha banklar tomonidan amalga oshirilmaydi, hozirda faqat Toshkent shahrining o‘zida 15 dan ortiq bank mazkur xizmatni taklif etmoqda.
Oltin sotuvchi banklar qatorida O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank, Ipoteka-bank, Kapitalbank, Ipak Yo‘li Bank, Trastbank, Turonbank, Mikrokreditbank, Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, Hamkorbank, Orient Finans Bank, InfinBank, Asia Alliance Bank, Anorbank, Garant Bank, Octobank bor.
Sotish faqatgina ushbu quymalarning jismoniy zaxirasi mavjud bo‘lgan muayyan filiallarda amalga oshiriladi.
Bunday filiallarning mavjud ro‘yxati Markaziy bank saytida muntazam e’lon qilib boriladi.
08
Xarid qilish uchun nimalar kerak?
Oltin quyma sotib olish uchun mijozdan pasport yoki ID-karta talab qilinadi. Xarid faqat tanlangan bankning oltin sotadigan filialida amalga oshiriladi.
To‘lovni amalga oshirgandan so‘ng, xaridor sotib olgan oltin quymalarini shaxsan o‘zi olib ketishi shart.
09
Oltin quymalarni qanday saqlash kerak?
Quymalar maxsus himoya o‘ramida sotilgani sababli, ularni uyda saqlashga ruxsat beriladi. Bu usul ma’lum xatarlarni o‘z ichiga oladi: quyma o‘g‘irlanishi yoki yong‘in kabi favqulodda hodisalar natijasida shikastlanishi mumkin.
Yana bir usul — shaxsiy bank yacheykasini ijaraga olish va oltinni o‘sha yerda saqlash. Biroq, bu holda ijara uchun to‘lov qilishga to‘g‘ri keladi. Ijara narxi yacheykaning hajmi va xizmat ko‘rsatuvchi bankka qarab farqlanadi va oyiga 30 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha bo‘lishi mumkin.
Quyma o‘ramida bir nechta himoya elementlari mavjud — kriptoprint (agar o‘ram ochilgan bo‘lsa, yuzada paydo bo‘ladi), himoya membranasi (ochilganda rangi o‘zgaradi). Bundan tashqari, har bir quyma raqamlangan va qadoqda yana bir QR-kod mavjud.

10
Oltinni O‘zbekistondan olib chiqishga bo‘ladimi?
Ha, hozirda O‘zbekiston aholisiga Markaziy bankning mamlakatda ishlab chiqarilgan oltin quymalari, tangalarini miqdori va og‘irligi bo‘yicha hech qanday cheklovlarsiz xorijga olib chiqishga ruxsat berilgan.
Buning uchun asosiy 2 ta shartga rioya qilish kerak:
- oltinni xarid qilishda berilgan asillik sertifikatiga ega bo‘lish;
- agar olib chiqilayotgan oltin miqdori yo‘lovchilar uchun belgilangan me’yorlardan ortiq bo‘lsa, bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish.
11
Qanday qilib qaytarib sotish mumkin?
Oltin quymalarni faqat banklarga sotish mumkin.
Agar sotishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, qadoqni ochmang — sotib olish tezligi va miqdori shunga bog‘liq.
Agar qadoq but bo‘lsa, bank quymani darhol qabul qiladi va pulni joyida to‘laydi. Qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga javob bermaydigan quymalar texnik ekspertizadan o‘tkaziladi. Bunga bir necha kun ketishi mumkin. Shikastlanish darajasiga qarab, narx belgilanadi va shundan so‘ng bank sotuvchiga to‘lovni o‘tkazadi.
Banklar aholidan oltin quymalarini diskont bilan, ya’ni Markaziy bank tomonidan belgilangan qiymatdan bir necha foiz past narxda sotib oladi. Bunda har bir bank o‘zining marjasi va u bilan bog‘liq xarajatlarni hisobga olgan holda xarid narxini mustaqil belgilaydi. Shuning uchun quyma sotishdan oldin turli banklarning takliflarini taqqoslash kerak.
Markaziy bankning rasmiy narxi bugungi kunda 8,12 mln so‘mni tashkil etmoqda. Banklar aloqa markazlarida aniqlik kiritilishicha, quymaning yakuniy qiymati bevosita filial tomonidan uni ko‘zdan kechirgandan so‘ng belgilanadi.
12
Oltin tangalarni sotib olish mumkinmi?
Ha, oltin tangalarni ham sotib olish va uyda saqlash mumkin. Ular cheklangan miqdorda chiqarilib, odatda juda tez sotib olinadi.
Yangi chiqariladigan tangalarni Markaziy bank sayti va Telegram-bot orqali kuzatib borish mumkin.
13
Oltin depoziti nima?
Oltin depozit — bu bank hisobvarag‘i bo‘lib, unda pul o‘rniga oltin grammlarda hisobga olinadi. Aslida, bu oddiy omonatning o‘xshashi, faqat valyuta emas, balki qimmatbaho metall saqlanadi.
O‘zbekiston Milliy bankida (O‘zmilliybank) uni filialda yoki Milliy ilovasi orqali ochish mumkin. O‘zsanoatqurilishbank'da ham xuddi shunday mahsulot SQB Mobile mobil ilovasida mavjud.
Bunda bunday depozitga foizlar hisoblanmaydi. Shuning uchun oltinning narxi oshganda ham foyda olish, ham narx pasayganda zarar ko‘rish mumkin.
14
Oltinni yana qayerdan sotib olish mumkin?
Oltinni Paynet ilovasida ikki usulda sotib olish mumkin.
Birinchisi: oltin grammlarda saqlanadigan metall hisob ochish. 5, 10, 20, 50 va 100 grammlik quymalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilova orqali xarid qilish mumkin. Keyin kerakli og‘irlikdagi oltinni har qanday bankdan olib ketish mumkin.
Ikkinchisi: kriptohamyon ochish va Tether Gold (XAUT) — blokcheyn orqali oltinga egalik qilishni ta’minlaydigan tokenlarga sarmoya kiritish.
15
Shu bilan, oltinni qanday sotib olish mumkin?
Markaziy bank saytida oltin quymalarining joriy narxlarini tekshiring. “O‘lchovli oltin quymalar qoldig‘i” bo‘limida o‘zingizga kerakli og‘irlikdagi quyma mavjud bo‘lgan bankni (filialni) tanlang.
Tanlangan bank filialiga pasportingiz yoki ID-kartangiz bilan tashrif buyuring. Naqd pul yoki plastik karta orqali to‘lovni amalga oshiring. Xariddan so‘ng sizga sertifikatlangan va muhrlangan oltin quyma beriladi.
Quymani muhrlangan qadoqda saqlang. Xavfsizlikni ta’minlash uchun bank seyfidan foydalanish mumkin. Oltin quymani bankka qaytarib sotish mumkin. Ammo qadoq but bo‘lishi, sotish narxi esa banklarda farq qilishini unutmang.
16
Agar qo‘shimcha savollar qolgan bo‘lsa, nima qilish kerak?
Agar oltin haqida qo‘shimcha savollar tug‘ilsa, javoblarni Markaziy bank saytidan topish mumkin.