O‘zbekistonda Haj va Umra yagona portali ishga tushirildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Portal fuqarolarga qulaylik yaratish, navbatni tartibga solish va inson omilini kamaytirish, Hajga doir maʼlumotlarni rasmiylashtirish jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida yaratilgan.

Haj va Umra portali vazirlik va idoralarning 15 dan ortiq axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Bunda hozirda navbatda turgan fuqarolar maʼlumotlari xatlovdan o‘tkazilib, tizimga kiritildi.

Talabgorlar Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki haj-umra.gov.uz sayti orqali elektron navbatga yozilishlari mumkin.

Buning uchun OneID, Mobil-ID yoki ERI orqali autentifikatsiyadan o‘tish kerak. Shundan so‘ng u ariza berish bo‘limiga kirib, ariza turini tanlash mumkin. Keyingi bosqichda tizim avtomatik to‘ldirilgan ma‘lumotlarni ko‘rsatadi — foydalanuvchi ularning to‘g‘riligini tekshiradi va telefon raqamini kiritadi.

Agar fuqaro mahram yoki hamroh bilan borishni xohlasa, u holda maxsus bo‘lim orqali JSHSHIRni kiritib, qarindoshini tanlaydi. Ular haqidagi ma‘lumotlar ham tekshirilib, tegishli telefon raqami kiritiladi. So‘ng foydalanuvchining telefon raqamiga SMS orqali tasdiqlash kodi yuboriladi, u bu kodni tizimga kiritadi. Shundan keyin to‘lov cheki shakllanadi va fuqaro to‘lovni amalga oshiradi.

Jarayon yakunida ariza beruvchi doimiy yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatga (navbatga) olinadi va bu haqda unga SMS xabarnoma yuboriladi.

Qo‘mita 77 882 18 58 yoki 99 882 18 58 telefon raqamlari orqali murojaat qilish mumkinligini bildirdi.

Oktabr oyi boshida Saudiya Arabistoni barcha viza egalari uchun umra ziyoratiga ruxsat berishi aytilgandi. Ruxsat berilgan vizalar ro‘yxatiga shaxsiy va oilaviy, elektron turistik, tranzit va ishchi vizalar hamda boshqalar kiradi.

Spot, avvalroq, Saudiya Arabistoni Haj vizasini berish shartlarini kuchaytirishi haqida yozgandi.