O‘tgan yakshanba kuni ertalab Parijdagi mashhur Luvr muzeyida sodir bo‘lgan o‘g‘irlik san’at olamida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Forbes nashrida ko‘ra, bir guruh noma’lum shaxslar muzeyga kirib, Apollon galereyasida namoyish etilgan tarixiy toj javohirlarini atigi 7 daqiqa ichida o‘g‘irlab ketishgan. Bu jinoyat Luvrda so‘nggi 30 yil ichida qayd etilgan ilk yirik o‘g‘irlik bo‘ldi.
21-oktabr kuni Parij prokurori Laure Beccuau RTL teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida, o‘g‘irlangan buyumlarning dastlabki umumiy, qiymati 88 mln yevroga (Markaziy bank kursi bo‘yicha $102 mln) baholanayotganini ma’lum qildi.
“Bu summa, albatta, hayratlanarli, ammo shuni unutmaslik kerakki, bu faqat iqtisodiy zarar. Uni o‘g‘irlik natijasida yetkazilgan tarixiy yo‘qotish bilan mutlaqo tenglashtirib bo‘lmaydi”, — deydi prokuror.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar jinoyatchilar bu zargarlik buyumlarini qismlarga ajratib, eritishga urinsalar, ular bundan hech qachon 88 mln yevro topa olishmaydi. Shu sabab, u jinoyatchilar bebaho javohirlarni sababsiz yo‘q qilmasliklariga umid borligini qo‘shimcha qilgan.
Nimalar o‘g‘irlandi?
O‘g‘irlangan eksponatlar orasida Fransiya imperatorlarining rafiqalariga tegishli noyob zargarlik buyumlari mavjud:
- Napoleon III ning rafiqasi imperator Ejeniga tegishli marvarid tiara va korsage-kamonli to‘g‘nag‘ich;
- Napoleon Bonapartning ikkinchi rafiqasi imperator Mariya Luizaning zumrad marjon va ziraklari;
- XIX asr fransuz qirolichalari Mariya-Ameli va Gortenziyaga tegishli sapfir tiara, marjon va sapfir zirak;
- Relikvariy to‘g‘nag‘ich.
Yuqori qator (chapdan o‘ngga): Napoleonning Mariya Luizaga to‘y sovg‘asi sifatida taqdim etgan marjoni va bir juft zirak; Qirolicha Yevgeniyaning broshi; tiara, marjon va sapfir to‘plamiga kiruvchi ziraklar. Pastki qator: Qirolicha Yevgeniyaning bezakli kamoni (chapda) va diademi (o‘ngda). Foto: The guardian
Tergovchilarning aytishicha, jinoyatchilar qochish chog‘ida qirolicha Yevgeniyaning tojini tashlab ketishgan. Muzey veb-saytida aytilishicha, bu toj 1354 ta olmos va 56 ta zumrad bilan bezatilgan.
Qanday sodir bo‘ldi?
Parij, 19-oktabr — yakshanba kuni ertalab niqokiygan to‘rtta o‘g‘ri Sena daryosi bo‘ylab joylashgan muzey tashqarisida to‘xtab, atrofni ko‘zdan kechira boshlashgan.
Taxminan soat 9:30 da, ya’ni muzey tashrif buyuruvchilarga ochilganidan yarim soat o‘tgach, jinoyatchilar binoning janubiy tomoniga joylashib, ikkinchi qavatdagi balkon derazasiga chiqish uchun transport vositasiga o‘rnatilgan cho‘ziladigan narvondan foydalanishadi.
O‘g‘rilardan ikki nafari burchak maydalagich va boshqa elektr asboblari yordamida derazani kesib, binoga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Ular Apollon galereyasiga yo‘l olishgan — bu galereya 1661-yilda Lyudovik XIV tomonidan qurilgan bo‘lib, Fransiyada toj zargarlik buyumlari to‘plami saqlanadigan eng muhim joylardan biri hisoblanadi.
Foto: Google earth
O‘g‘rilar galereyaning o‘rtasida joylashgan, tarixiy va qimmatbaho zargarlik buyumlari namoyish etilgan vitrinalarni nishonga olishgan. Ular oynalarni sindirib, buyumlarni tezlik bilan olib ketishgan. Butun operatsiya atigi 7 daqiqa ichida amalga oshirilgan — muzey ichida esa 4 daqiqadan kamroq vaqt bo‘lishgan.
Kimlar gumon qilinmoqda?
Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunes bu jinoyatni tajribali va uyushgan jinoiy guruh amalga oshirgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Tergov ishlarini olib borayotgan 60 nafar tergovchidan iborat maxsus guruh hozirda aynan shu nazariya ustida ish olib bormoqda. Ular jinoyatchilarning harakat uslubi, qochish yo‘li va o‘g‘irlangan buyumlarning bozorga chiqarilish ehtimolini tahlil qilmoqda.
Luvrdagi o‘g‘riliklar
Luvr dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan muzeylardan biri bo‘lib, 2024-yilda 8,7 mln kishi bu muzeyga tashrif buyurgan. Ammo bu o‘g‘irlik Luvr tarixidagi yagona voqea emas:
1911-yil. Italiyalik bezakchi Vinchenso Perudjia Luvr muzeyida qisqa muddat ishlaganidan so‘ng, muzey xodimi kiyimida kirib, Leonardo da Vinchining “Mona Liza” asarini o‘g‘irlab ketgan. U rasmni devordan olib, yashirincha muzeydan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan. U asarni Italiyaga olib o‘tib, uni milliy meros deb bilgan va vatanga qaytarishni maqsad qilgan. Oradan 2 yil o‘tib, u qo‘lga olingan, rasm yana Luvrga qaytarilgan.
1956-yil. Muzeyga tashrif buyurgan bir mehmon “Mona Liza” asariga tosh otgan, natijada rasmning chap qismi yaqinidagi bo‘yoq zararlangan. Bu hodisa muzey ma’muriyatini asarni maxsus himoya oynasi ortida namoyish etishga undagan. Bugungi kunda “Mona Liza” dunyodagi eng ko‘p qo‘riqlanadigan san’at asarlaridan biri hisoblanadi.
1998-yil. Luvrda yana bir o‘g‘irlik Jan-Batist-Kamil Koroning “Sevr yo‘li” nomli surati g‘oyib bo‘lgan. Bu asar hanuzgacha topilmagan. Mazkur voqea Luvrda rasman qayd etilgan so‘nggi o‘g‘irlik sifatida tarixda qolgan — yaqindagi toj javohirlari o‘g‘irligigacha.