O‘zbekistonda sunʼiy yo‘ldosh aloqasi operatorlariga soliq imtiyozlari beriladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati prezidentning 21-oktabrdagi qaroriga (PQ-313) asoslanib xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2026-yildan 5 yilga o‘rta va past orbitali yo‘ldosh aloqa tarmoqlarini O‘zbekiston hududida markaziy yer stansiyasi orqali tashkil qilish bilan bog‘liq bo‘lgan loyihalar uchun imtiyozlar joriy etiladi.
Yo‘ldosh aloqa tarmoqlari operatorlari tomonidan sunʼiy yo‘ldosh aloqa tizimi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar QQSdan ozod qilinadi.
Markaziy yer stansiyalari, terminallar va yo‘ldosh aloqa infratuzilmasining boshqa aktiv qurilmalari joylashtirilgan telekommunikatsiya inshootlari hamda ularning yer maydonlari mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi.
Shuningdek, yo‘ldosh aloqa tarmoqlari operatorlarining yaratilgan sunʼiy yo‘ldosh aloqa tizimi orqali ko‘rsatadigan xizmatlari uchun foyda solig‘i qo‘llanilmaydi.
Soliq qo‘mitasida taʼkidlanishicha, yangi tartib Soliq kodeksining 2 va 75-modda lariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng amaliyotga joriy etiladi.
O‘tgan hafta prezident iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash uchun kosmik monitoringdan foydalanish bo‘yicha takliflar bilan tanishgandi. Taqdimotda chekka hududlarda sunʼiy yo‘ldosh texnologiyalari yordamida aloqa qamrovini kengaytirish, shuningdek, kosmik taʼlim ekotizimini yaratish bo‘yicha tashabbuslar o‘rin olgan edi.
21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan edi. U 2026-yildan boshlab O‘zbekistonda sunʼiy yo‘ldosh operatorlari ish boshlashini maʼlum qilgandi.
Yaqinda O‘zbekiston sunʼiy yo‘ldosh internetini ishga tushirish bo‘yicha Amazon kompaniyasi bilan dastlabki kelishuvga erishdi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Amazon Kuiper Commercial Service o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston mintaqaviy maʼlumotlar markaziga Google, Microsoft, Meta va Amazonni jalb etishi haqida yozgandi.